Farg‘onalik yigitning sirli o‘limi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Qo‘qonda sirli o‘lim qotillari kimlar...” sarlavhali maqola yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

2019 yil 16 sentyabrda Qo‘qon shahar, Istiqlol ko‘chasi, 65-uyda yashagan F.Abdunazarovning o‘z yashash xonadonida to‘satdan vafot etganligi holati yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhum F.Abdunazarovning o‘limi tromboz kasalligi, o‘pka arteriya qon tomirlarining tromboemboliyasi oqibatida o‘tkir nafas va yurak qon tomir yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, marhum F.Abdunazarov hayotlik vaqtida tromboz, o‘pka arteriyasining qon tomiri tromboemboliyasi bilan kasallanganligi, aynan shu kasallik uning o‘limiga bevosita sabab bo‘lganligi bayon etilgan.

Marhumdan olingan qon namunalari tarkibidan dori vositalari topilmagan. R.Tursunov va R.Irgashevlar 2019 yil 15 sentyabrda o‘rtog‘i F.Abdunazarov bilan birga soat 20:00 larda ko‘rishib, birga pivo ichib o‘tirishganligi, F.Abdunazarov mast bo‘lib qolganligi sababli soat 23:00 larda R.Tursunov uni yashash xonadoniga olib borib tashlab kelganligi, F.Abdunazarov biror bir dori vositasi ist’yemol qilmaganligini, ularning o‘rtasida biror bir janjal bo‘lmaganligini bildirishgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, F.Abdunazarovning vafot etganligi holatida biron bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli 2019 yil 15 oktyabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan hamda bu haqda marhumning yaqin qarindoshlariga ma’lum qilingan.