Haqiqat sinmaydi
Dunyo o‘tkinchi.
Kim erta, kim kech, lekin baribir o‘sha, oxirgi kun keladi.
Yoshim ham sakkizinchi o‘nlikni qoralab boryapti. Umr bo‘yi halol yashadim, halol ishladim. Dinim, diyonatim, kasbimga xiyonat qilmadim. Farzandlarimni shunday tarbiyaladim. Hali ham hayotdan umidlarim bor. Nabira, evaralarning baxtli kunida duogo‘y bo‘lib turish nasib etsa, deyman.
Hayotimdan ko‘nglim to‘q. Lekin... Bir haqiqat ham borki, uni eslasam, o‘rtanaman, o‘zimni u inson oldida noqulay sezaman.
1996 yili men “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri edim. Viloyat hokimining shaxsan topshirig‘i bilan tekshirilmagan, o‘rganilmagan, redaksiyaning bir xodimi imzosi ostida bo‘lsa-da, aslida hokimlik taqdim etgan bir maqolani chop etishga majbur bo‘ldik. Gazeta hokimlik muassisligida bo‘lgani uchun men hokim topshirig‘ini bajarishim shart edi, deb hisoblaganman. Bu taniqli jurnalist, O‘zbekiston televideniyesi “Axborot” dasturining Farg‘ona vodiysidagi maxsus muxbiri Muhammadjon Obidov haqidagi tanqidiy maqola edi.
Obidov gazetaga raddiya yozdi. Hokim uni chop etishni taqiqladi. Shunda jurnalist o‘zining haq-huquqi, sha’nini himoya qilib sudga berdi. Sud “Farg‘ona haqiqati”da bosilgan maqolani tuhmatdan iborat deb topdi va raddiya e’lon qilish vazifasini yukladi. Viloyat hokimi yana qarshilik qildi. Endi Obidov jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida ariza berdi. Shunday bo‘ldi ham. Uzoq tergov va sud mazkur tuhmat uchun unga aloqador shaxslarni tegishli moddalar bilan aybdor deb topib uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Xayriyatki, Prezidentning amnistiya haqidagi Farmoni chiqib, biz jazoni o‘tashdan ozod qilindik. Ular orasida viloyat hokimi ham bor edi.
Hozir aytmoqchi bo‘lgan gapim aslida bu haqida emas.
Biz hatto hokim bosimi bilan bo‘lsa-da, bir insonga tuhmat qildik. Sudda bu tasdig‘ini topdi va hech kim bahslashmadi, hukm bilan. Uning esa mavqei, obro‘si oshdi. Oliy Majlis deputatligiga saylandi. Jurnalist sifatida Davlat rahbari safarlariga ko‘proq hamrohlik qiladigan bo‘ldi. Bu unga bizdan, balki o‘ch olish imkonini kengaytirardi.
U-chi? Yo‘q, u olijanoblik qildi. Sudlangan Toshqo‘zi Mullayev, Abdujalil Bobojonov va meni Obidov doim qo‘llab-quvvatlab keldi, ishimizni davom ettirdik. Sud hukmi qonuniy kuchga kirgach, viloyat hokimi va Abdunazar Xudoynazarovlar vazifasidan ozod etildi. Vijdonim oldida aytay, meni Umra safariga borishimga sababchi bo‘ldi, Abdujalil Bobojonovni esa yoniga olgan, hamon “Farg‘ona haqiqati” gazetasida ishlab kelmoqda.
Qachon Obidov bilan uchrashib qolsam, u go‘yo o‘rtada hech qanday ko‘ngilsizlik bo‘lmagandek tutadi o‘zini. Mendan, keksa, betob jurnalistdan xabar olib turgani ham bor gap...
Hayotimning kuzi o‘tib boryapti. Anchadan buyon o‘ylab, istihola qilib yurgan gaplarim, tuyg‘ularimni qog‘ozga bitdim bugun. Ko‘nglim yengil tortdi, undagi bir tugun yechilgandek bo‘ldi. Alloh pok qalbli, silai rahmli insonlarni hamisha o‘z panohida asrasin!
Ahmadali XO‘JAYeV,
“Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari sobiq bosh muharriri.
("Milliy tiklanish" gazetasining 2024 yil 26 iyundagi 23-sonidan olindi).