Fazliddinga sartaroshlik qilishda imtiyoz beriladigan bo‘ldi

Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan Payariq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar joyida o‘rganilmoqda va ularning yechimi borasida zarur tadbirlar belgilanmoqda.

 Jamoatchilik nazorati guruhining 42 nafar a’zosi bugungi kungacha hududdagi 10 mingdan ortiq xonadonlarga kirib, 1855 ta muammoni aniqladi.

Masalan, 2-ishchi guruh a’zolari Ko‘paki mahallasida yashovchi aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning muammolarini o‘rgandi. Jumladan, mahallaning Ko‘paki qishlog‘ida yashovchi Fazliddin Xoliqulov o‘z faoliyati bilan bog‘liq bir muammoni aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, F.Xoliqulovning 3 nafar farzandi bor, taqdir taqozosi bilan 15 yildan buyon og‘ir kasallik – oyog‘ida kuchli og‘riq bilan yashab kelmoqda. Uning o‘ng oyog‘i protez. Garchi nogiron bo‘lsa-da u sartaroshlik qilib ro‘zg‘orini yuritmoqda. Muammo shundaki, undan sartaroshligi uchun me’yor asosida soliq olinadi. Uchrashuvda Fazliddin Xoliqulov nogironligi, har yili ikki marta kasalxonada yotib, davolanishini aytib, soliq to‘lovi borasida imtiyoz berishlarini so‘radi.

Mazkur murojaatni ijobiy hal etish Payariq tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Valiyev zimmasiga yuklatildi va masala 28 yanvargacha hal etilishi belgilandi.