Fermer suvsiz qolmagan, ammo...
Joriy yil 6 mart kuni zarnews.uz saytida “Jomboyda fermer suv uchun sarson. Nega?” sarlavhali maqola chop etildi. Unda tumandagi “Po‘latov Ozodjon” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Said Yoqubov g‘alla maydonlariga suv berilmayotgani, murojaatlari javobsiz qolayotgani, natijada hosil xavf ostida ekanidan shikoyat qilgan.
Darhaqiqat, ushbu xo‘jalik maydonlarini sug‘orishda muammolar yuzaga kelgan. Bunga omil bo‘lgan ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tsak.
G‘alla parvarishi texnologiyasi ekinni dekabr so‘nggigacha sug‘orishni talab etadi. Shundagina urug‘ to‘yinib suv ichadi, saraton issig‘iga bardoshli bo‘ladi. Qolaversa, yangi mavsumga hozirlik ko‘rish, bahorgi yumushlar oldidan ariq-zovurlarni tozalash uchun ham yanvar boshlanmay turib sug‘orish tadbirlarini yakunlash kerak.
Afsuski, “Po‘latov Ozodjon” fermer xo‘jaligi rahbari va ish yurituvchilari ushbu jihatlarni hisobga olmay, sug‘orish uchun navbati kelganida imkoniyatdan foydalanmagan. Dekabr oyida sug‘orish ekinga zarar yetkazadi, degan vaj bilan muhim agrotexnik tadbirni paysalga solib kelgan.
Fermer xo‘jaligi balansidagi ichki ariqlarni o‘z vaqtida qazilmagani ham muammoga sabab bo‘lmoqda. Bu esa Mang‘it arig‘ida joylashgan taqsimlash inshootining nurashiga olib kelgan. Uni ta’mirlash va tiklash fermer zimmasida bo‘lishiga qaramay, amaliy yordam sifatida tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan ta’mirlandi. Buning uchun 6 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
“Yanvar oyida Jomboy tumani suvdan foydalanuvchilar uyushmasi rahbari Abdumutal Rizayevga suv berishda yordam so‘rab murojaat qilganimda u kishi oldindan suv uchun 1,5 million so‘m to‘lashimni aytdi. Fevral oyida bankka aytilgan mablag‘ni to‘lab, suv olish uchun ariza ham berdim, lekin haligacha suv berilgani yo‘q”. Maqoladagi ushbu jumlalar kishini o‘yga toldiradi. Chunki Abdumutal Rizayev suv iste’molchilari uyushmasi emas, irrigatsiya bo‘limi rahbari sanaladi. Irrigatsiya bo‘limi esa byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilot. Tabiiyki, fermerdan hech qanday badal talab qilinmaydi. Suv iste’molchilari uyushmasi butkul boshqa tuzilma bo‘lgani holda, ularga a’zolik badali sifatida to‘langan mablag‘ni irrigatsiya bo‘limi talab qildi, deyish kurakda turmaydi.
“Kanalda hech qanday ta’mirlash bo‘layotgani yo‘q...”, “Suv berilmadi...”
Bu jumlalarning haqiqatdan qanchalik yiroqligini suratlar tasdiqlab turibdi.
Jomboy tumani irrigatsiya bo‘limi.
Tahririyatdan: Maqolada keltirilgan fikrlar fermerning murojaati asosida bayon etilgan. Bu yerda kimnidir yomon ko‘rsatish yoki ziddiyatga sabab bo‘lish uchun vaj yo‘q, biroq bitta jihat e’tiborni tortadi. G‘alla elning rizqi, xalqning ertangi noni, fermerning daromadi hisoblansa-da kuzda ekilgan g‘alla bahorda ham unib chiqmaganligi fakt. Biz odatda biror hodisaning oqibati bilan yuzma-yuz kelganda kurashni boshlaymiz, ammo uni keltirib chiqargan sabablar e’tibordan chetda qoldiriladi. Shunday ekan el rizqi uchun har qanday shaxsiy manfaatni bir chetga surib shu xalqning ertangi kuni, xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash, farovon hayotni qurish bosh maqsadimizga aylanishi lozim. Har birimiz insonmiz va xato qilishimiz tayin, faqat shu xatoni o‘z vaqtida to‘g‘rilab, keyin bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasak bildirilgan ishonchni oqlagan bo‘lamiz.