Fihq namoyandasi, buyuk ma’rifatparvar uchun barpo etilgan ziyoratgoh ochildi
Samarqand zaminida ne-ne buyuk allomalar, fozil, shoir, tariqat va din arboblari mangu qo‘nim topgan. Shayx Abdulaziz Shamsulayimma – Holvoyi hazratlari ham ana shunday buyuk insonlardan biridir.
Tarixchi va manbashunos olimlar uzoq yillar davomida bu shaxs dafn etilgan maskanni Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shahridan izlashgan. Keyingi tadqiqotlar allomaning qabri Jomboy tumanida ekanini tasdiqladi. Taniqli olim Komilxon Kattayev boshchiligidagi manbashunoslar 2008 yilda Holvoyi mahallasidagi qadimiy qabristondan u zotning mangu qo‘nimgohini qayd etgach, hashar yo‘li bilan sag‘ana barpo etilgandi. 2022-2024 yillarda jamoatchilik faollari, saxovatli tadbirkorlar, ziyolilar ko‘magi bilan ziyoratgoh yanada obod qilindi. Qabr ustiga muhtasham maqbara va xonaqoh qurildi.
Bugun ushbu ziyoratgohning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda viloyatimizdagi olim va ziyolilar, din arboblari, nuroniylar, Jomboy tumani jamoatchiligi vakillari qatnashdi. Muborak Qur’on oyatlari o‘qilib, qurbonlik keltirildi.
Tadbirda Shamsulayimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, Shayx Abdulaziz – Holvoyi X-XI asrlarda yashab o‘tgan fihq namoyandasi, o‘nlab shogirdlar yetishtirgan buyuk ma’rifatparvar bo‘lgan. Uning shariat qoidalariga asoslangan fatvolari ilmiy asoslanganligi, puxta va aniq, tushunarli tarzdagi bayoni bilan bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega.