Firibgarning boshqa jinoyati ochildi

Shu yil 29 fevral kuni Paxtachi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Paxtachi tumani Dabusqal’a mahallasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan R.Sh. tergov qilingan.

Tergov jarayonida aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida u 2016 yil iyul oyida fuqaro Sh.L.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni aytib, aldab, pora berishga qiziqtirgan va yashash uyida undan 7000 AQSh dollari miqdoridagi pulni olib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, R.Sh. o‘zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, 2017 yil 24 mart kuni soat taxminan 14:00 larda Paxtachi tumani Bog‘oloni mahallasida yashovchi B.O‘.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini tanishlari orqali ishga kiritishni va’da qilib, undan 2500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olib, pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

 Mazkur holat yuzasidan R.Sh. ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi “a” bandida (pora berish) ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlanib, qo‘shimcha ayb e’lon qilindi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.