Fransiya: 20 ming gektar o‘rmon yonib kul bo‘ldi
Fransiyada o‘t o‘chiruvchilar mamlakat janubi-g‘arbidagi Jironda departamentida davom etayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashni davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda fransuz OAVlari.
Yong‘in allaqachon 19,3 ming gektar o‘rmonni yo‘q qilgan. Ayni paytda yong‘inga qarshi 2000 nafar o‘t o‘chiruvchi kurashmoqda.
Kuchli yong‘in va shamol tufayli Bordo shahri deyarli butunlay tutun bilan qoplangan. Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chalardagi kuchli tuman va shaharning kulrang osmoni fotosuratlarini joylashtirmoqda, shuningdek, kuyik hididan shikoyat qilmoqda.
Yong‘inlar g‘ayritabiiy issiq ob-havo sharoitida avj oldi. Seshanba kuni mahalliy meteorologiya xizmatlari mamlakat g‘arbida xavfning o‘ta yuqori – “qizil” darajasini e’lon qildi. Bugun ba’zi hududlarda havo harorati Selsiy bo‘yicha 40 darajadan oshishi kutilmoqda.
Yuqori harorat va yong‘in Ispaniyada ham odamlarni qiynamoqda. Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, salkam bir hafta davom etgan jazirama ta’siridan 360 kishi halok bo‘lgan.
Malaga provinsiyasidagi Mijas shahri yaqinida sodir bo‘lgan yirik yong‘in tufayli 3000 dan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Bu yerda 2 ming gektarga yaqin o‘rmon yonib ketgan. Yong‘inni o‘chirish Kastiliya va Leon markaziy mintaqasida va shimoldagi Galisiyada ham davom etmoqda.
Garchand Portugaliyada so‘nggi kunlarda 40 daraja yuqori bo‘lgan harorat pasaygan bo‘lsa-da, 200 dan ortiq odam issiqdan halok bo‘lgan.
Porto shimoli-sharqida o‘t o‘chiruvchilar aviatsiya va boshqa texnikalar ko‘magida yong‘in o‘chog‘i bilan kurashishda davom etmoqda. Olov 2017 yildan beri eng yirik – 10 minglab gektar maydonlarni yo‘q qildi.