Fransiyada kislotali yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

Dam olish kunlari Fransiyada Palma (Kanar orollari, Ispaniya) orolida vulqon otilishi tufayli kislotali yomg‘ir yog‘ishi mumkin, dedi BFMTV telekanali meteorologiya xizmati rahbari Kristof Person.

Meteorologning aytishicha, Palmadagi vulqon lavadan tashqari, atmosferaga ko‘p miqdorda oltingugurt oksidi chiqarmoqda. U o‘z navbatida, hududlarda kislotali yomg‘ir yog‘diruvchi oltingugurtli gaz bulutini hosil qiladi.

Kislotali yomg‘ir o‘rmon, ekin va o‘simliklarni yo‘q qilishi, shuningdek, bino va madaniy yodgorliklar, metall qurilma (masalan, avtomobil)larni vayron qilishi mumkin. Shuningdek, suvli qatlamlarga kirib, tuproq unumdorligini pasaytiradi, zaharli moddalar tarqalishiga olib keladi.

"Hozir vulqon kuniga bir necha tonna oltingugurt chiqarib yubormoqda... Va, asta-sekin ushbu oltingugurt dioksid massasi – kislotali yomg‘ir dam olish kunlari Fransiyaga yetib keladi. Chunki unga yaqin bo‘lgan shaharlarda allaqachon yog‘a boshladi", dedi Person.

Ma’lumki, o‘tgan yakshanba kuni tushdan keyin Palma orolida El-Paso munitsipalitetidagi Kumbre-Vexa vulqon tizmasining otilishi boshlandi. Vulqondan oqayotgan lava aholi turar joylarigacha yetib kelgan. 100 dan ortiq bino va o‘simliklar dunyosiga katta zarar yetdi, 6 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.