Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchi ortadi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlar bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan beshta ustuvor yo‘nalishning ikkinchi yo‘nalishida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Respublikamizda sud hokimiyatining mustaqilligini, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarining huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘nalishida sudlar tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, sudlarning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, 2020 yil 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkiliy tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Xususan, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlari tashkil etiladi.

Shu kunga qadar ma’muriy sudlar tomonidan ikki bir-biriga qarama-qarshi sohalar ma’muriy huquqbuzarliklarga oid hamda ommaviy huquqiy munosabatlarga oid ishlarni ko‘rib kelgan edi.

Jumladan, Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi tomonidan ham tashkil qilingandan buyon 3593 nafar shaxsga nisbatan 2525 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini, shuningdek, 92 ta ommaviy huquqiy munosabatlarga oid ishlarni ko‘rib hal qilingan.

Ma’muriy sudlar tashkil qilingunga qadar ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilganligi ham samarali sinovdan o‘tgan.

Bu albatta, g‘ayrihuquqiy harakat sodir qilgan fuqaroga nisbatan jazo chorasi qo‘llash hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatiga huquqiy baho berish bir sud tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi juda to‘g‘ri qaror, deb hisoblayman.

Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi. Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinadi.

Sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, endi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchi yanada qat’iy mustahkamlanadi.

Sherzod TO‘XTAYeV,

Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi raisi.