Furqat Rahimov, Samarqand shahri hokimi: “Samarqand shahri obodligiga barcha birdek mas’uliyat bilan harakat qilmog‘i lozim” (Audio)
Bugungi va bundan oldin ikki marta o‘tkazilgan «Ochiq muloqot» albatta, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Xalqimizdan tushayotgan takliflar, murojaatlar bilan birgalikda o‘zimizdagi mavjud kamchiliklarni bilib, nazorat o‘rnatib bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, muloqot orqali aholiga murojaat qilib, jamoatchilikning ushbu ishlarda faol ishtirokini ta’minlash, muammolarni birgalikda bartaraf etish choralarini ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, faoliyatga ana shunday yondashilsa, qadimiy va navqiron shahrimiz bundan-da, go‘zal va chiroyli bo‘ladi.
Navro‘z bayrami arafasida shahrimiz aholisi, jamoatchiligi o‘zining hovlisi, ko‘chasi, tomorqasini obod qilib, uyi oldiga gul yoki daraxt ko‘chatlarini ekib, mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofidagi chiqindilarni birgalikda tozalasa, ziyoratgohlar, qabristonlarning obodligini ta’minlasalar, xuddi shunday ezgu tadbirlar targ‘ibotini ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlarida amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, butun Samarqand ahlini Navro‘zi ayyom bilan tabriklayman. Samarqandliklar azaldan o‘zining mehnatsevarligi, oqibatliligi, asosiysi sadoqatliligi bilan o‘rnak bo‘lib kelgan. Shahar xalqi nafaqat o‘zi, balki tumanlardan tashrif buyurayotgan yurtdoshlarimizning madaniyat muassasalari, istirohat bog‘larida munosib dam olishi, hordiq chiqarishlari uchun imkoniyat yaratib berishlari kerak.