Futbol o‘yingohi atrofi qachon o‘raladi?
Tahririyatimizga Samarqand tumani Pulimug‘ob mahallasida yashovchi nafaqaxo‘r Shodi Jo‘rayevdan shikoyat arizasi keldi. Unda maktabning futbol maydoni tashlandiq holga kelib qolgani, atrofi o‘ralmagani bois yaylovga aylantirilgani haqida bayon qilinadi.
- Tumanimizdagi Chumchuqli va Pulimug‘ob mahallalaridagi mingdan ortiq o‘quvchi mahallamizdagi 24-maktabda o‘qiydi, - deb yozadi Sh.Jo‘rayev. - Maktabimiz yaqinda zamonaviy binoga ega bo‘ldi ammo unga qarashli futbol maydoni tashlandiq holga kelib qolgan. O‘yingohni 1965-1970 yillarda yoshlar hashar yo‘li bilan qurgan va bu yerda tuman, viloyat miqyosidagi musobaqalar o‘tkazilardi. Biroq e’tiborsizlik tufayli o‘yingoh bugungi kunda chiqindi tashlanadigan maydon va yaylovga aylandi. O‘yingoh hududini aniqlash va uning atrofini devor bilan o‘rash bo‘yicha bir necha vakolatli idoralarga murojaat qildim, ammo natija bo‘lmadi. Yoshlar sport bilan shug‘ullanishi uchun ham futbol maydoni zarur. Bunday e’tiborsiz qoldirilsa, kimlardir maydonni o‘zlashtirib olishi mumkin.
Murojaat yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qildik.
- Ushbu mahallada haqiqatda ham zamonaviy maktab qurilgan, - dedi Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahriddin Mardonov. - Murojaatda aytilgan futbol kolxozga tegishli bo‘lgan va kolxozlar tugatilgach, maktab balansiga o‘tkazilgan. Bu masalada bir necha marotaba murojaat bo‘lgan va mahallaga borib o‘yin maydoniga chiqindi tashlamaslik, o‘zlashtirib olmaslik bo‘yicha aholi bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
2020 yilda ushbu futbol maydoni hududini aniqlab, atrofini devor bilan o‘rash, o‘rindiqlar o‘rnatish rejalashtirilgandi. Ammo koronavirus pandemiyasi barcha rejalarni o‘zgartirib yubordi. Bu yilgi rejalarimizda 24-maktabning sport maydoni hududini aniqlash, atrofini o‘rashni dasturga kiritganmiz. 2021 yilda tuman hokimligi ko‘magida mahalliy byudjetning orttirilgan qismi mablag‘laridan foydalanib ushbu sport maydonining atrofi devor bilan o‘raladi.