Samarqand shahrida 251 ob’yektga yer uchastkalari ajratilishi va qonuniyligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda
Yetkazilgan zararning 10 milliard so‘mdan ortig‘i ixtiyoriy undirilgan, 7 milliard so‘mini undirish haqida sudga bitta da’vo ariza kiritilgan. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 20 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ulardan 4 tasi bo‘yicha 5 nafar shaxs qamoqqa olinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan va 11 tasi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Umuman, Bosh vazirning joriy yil 5 martda “Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish” bayoni asosida Samarqand shahrining tarixiy qismi va muhofaza hududidagi 251 ob’yekt 4 toifaga ajratilib, yer uchastkalari berilishi hamda qonuniyligini ta’minlash belgilangan.
Birinchisi, 31 ob’yekt madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va shaharsozlik qoidalariga zid holda qurilgan. Bugungi kunda ulardan bittasining ishi sudda ko‘rilmoqda, 5 tasi bo‘yicha madaniy meros boshqarmasining ijobiy xulosasi berilganligi, muqaddam egaligi bo‘lganligi sababli rad etilgan. Shuningdek, 25 ob’yekt bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilmoqda.
Xususan, bittasi ijro qilinganligi sababli ijro ishi tamomlangan, bittasi sud ajrimi bilan sektyabrgacha kechiktirilgan, 3 tasi shikoyat asosida vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, 12 ob’yekt uni qurganlar tomonidan buzilmaganligi sababli ijro harakatlari davom etmoqda. Bunda qarzdorlarning 7 nafari ma’muriy, 5 nafariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qolgan 8 ta ijro ishi bo‘yicha ixtiyoriy 15 kunlik muddati bor.
Ikkinchisi, 109 ta loyiha hujjatini rasmiylashtirish ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Uchinchisi, 101 tasida tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida qurilish-obodonlashtirish ishlari yakunlanmagan.
To‘rtinchisi, 10 tasida qurilish boshlanmagan.
Prokuratura organlari tomonidan noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq 48 ta qarorga protest keltirilgan, 13 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 79 nafar mas’ul shaxs ma’muriy va 12 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan, 254 nafar shaxs ogohlantirilgan.
Erkin Rahmatullayev,
Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.