FVV: Sardobadagi dambadan suv chiqishi kamaydi

Xabaringiz bor, bugun - 1 may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan edi.

Mazkur vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yetib borgan.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida shuni qayd etish joizki, Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlarida tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga fuqarolarni joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi Navbahor, Haqiqat va Bahoriston MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan. Aholi ushbu tumandagi kasb-hunar kolleji, Safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘yicha harbiy qism va kasalxonaga evakuatsiya qilindi.

Evakuatsiya tadbirlari Jizzax shahriga ham tashkillashtirildi. Xususan, Oqoltin tumanidagi Ahillik, Shodlik, Saxovat, Navoiy, Do‘stlik, Ko‘rkamdiyor, Toshkent, Yangihayot, Obod va Mustahkam MFYlarining aholisi Jizzax viloyati Gagarin shaharchasiga vaqtinchalik ko‘chirildi.

Unda aholi uchun 6000 dona niqob, 80 dona antiseptik vosita, 200 juft bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi.

Bundan tashqari, Sardoba shaharchasidagi aholini ham Jizzax viloyati Gagarin aholi yashash punktiga evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Mirzaobod tumanidagi Beruniy, Paxtaobod, Baliqchi, Haqiqat, Bahoriston, Yangiovul va Do‘ngariq MFYlari aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinmoqda.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgan.

Hozirda dambadan suv chiqishi kamaygan.

Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.