Suvning hisobini bilmaydigan suvchilar idorasidan qachon javob bo‘ladi?
Daryo toshib ketdi, sel keldi, suv bosdi, toshqin... Bu kabi xabarlarni deyarli har kuni eshityapmiz, o‘qiyapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday xabarlar to‘lib ketgan.
Bahorgi yomg‘irlarning har yilgidan ko‘p bo‘lishi daryolar, suv omborlarining to‘lishi va ayrim hududlarda suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Kimlardir bundan aziyat chekdi, yozda dehqonchilik uchun suv yetarli, mahsulot mo‘l bo‘lishini aytganlar ham bo‘ldi. Zarnews.uz saytida ham Urgut tumanidagi "Qoratepa" suv omborining to‘lganligi aks etgan suratlar e’lon qilindi. Lekin hozirda daryolarimiz, suv omborlarimizda qancha suv borligi, sug‘orma dehqonchilik uchun bir mavsumda qancha suvga ehtiyojimiz borligi, hozir qaysi suv omborida qancha suv jamg‘arilganini aniq miqdorini bilmaymiz. Bu borada ma’lumot olish uchun Zarafshon irrigatsiya tizimlari va havza boshqarmasi matbuot xizmatiga murojaat qilganimizga bir oydan oshdiki, erta-indindan nariga o‘tmaydi. Suvning hisobini yuritadigan bunday katta tashkilotdan yilda bir yoki ikki marta ma’lumot so‘raladi, unda ham murojaatga beparvo munosabat bo‘lsa...
Vaholanki, ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.