Sardobadagi 1750 nafar fuqaro Yangiyerdagi yotoqxonalarga joylashtirildi
2020 yil 1 may kuni favqulodda xabar berilganidan keyin zudlik bilan Yangiyer shahar hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlaridan iborat shtab Yangiyer shahar YHXX binosi oldida yig‘ilib, vazifalar taqsimoti amalga oshirildi.
Ishchi shtab tomonidan Mirzaobod tumanidagi Beruniy, Paxtaobod, Baliqchi, Haqiqat, Bahoriston, Yangiovul va Do‘ngariq mahallalaridan vaqtinchalik evakuatsiya qilingan 2 ming nafardan ziyod aholini Yangiyer pedagogika hamda tibbiyot kollejlari, Guliston davlat universitetining Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti va Yangiyer futbol akademiyasi binosiga joylashtirish choralari ko‘rildi.
Unga ko‘ra, pedagogika kolleji yotoqxonasiga 700 nafar, tibbiyot kolleji yotoqxonasiga 150 nafar, Guliston davlat universitetining Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti yotoqxonasiga 600 nafar, futbol akademiyasi yotoqxonasiga 300 nafar fuqarolar joylashtirildi. Bu haqda Yangiyer shahar hoqimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu jarayonlarga 50 ta mikroavtobus, 10 ta tez tibbiy yordam brigadasi, 50 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 15 nafar shifokor jalb etildi.
Qayd etish joizki, mana shunday sharoitda bir qancha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar va homiylar tomonidan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, niqob, antiseptik vosita, bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, Guliston tumani hokimligi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami keltirildi.
Bunday tezkor va amaliy sa’y-harakatlar har bir inson, har bir oila, har qanday vaziyatda yolg‘iz qolmasligi, balki davlatimiz diqqat-e’tiborida ekanini yaqqol ifoda etadi.
Vaziyat to‘liq nazoratga olingan, sarosimaga tushishga asos yo‘q.