Jomda qadimiy G‘ishtband suv ombori yangidan barpo etildi

Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida XI asrda qoraxoniylar davrida bunyod etilgan “G‘ishtband” tarixiy suv ombori yangidan qurildi.

Jom – nafaqat Nurobod, balki viloyatimizning uzoq tarixga ega aholi yashash maskanlaridan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalarda bu joy qadimiy Ipak yo‘lining muhim nuqtalaridan biri sifatida qayd etiladi. Qishloq tog‘ va qirliklar orasida, chuqur joyda bo‘lgani uchun unga “Jom” deb nom berilgani taxmin qilinadi. Qishloq aholisi asosan tog‘lardan boshlanadigan buloq suvlaridan iste’mol qilgan va dehqonchilik uchun foydalangan.

Qoraxoniylar davrida qishloq tepasidagi, Zarafshon tog‘ tizmalarining g‘arbiy etaklaridan oqib tushadigan Omondarasoyda suv ombori qurilgan. O‘n metr balandlikdagi to‘g‘on tog‘ toshlaridan g‘isht shaklida yo‘nib qurilgani uchun “G‘ishtband” degan nom olgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, soyning eng tor joyida o‘rnatilgan to‘g‘onning asosi 10, tepa qismi uzunligi 25 metr, eni 5-5,5 metr bo‘lgan. Suv ombori esa 700 metr uzunlikda va 10 metr chuqurlikkacha bo‘lgani va mazkur inshootda 300 ming kub metr hajmda suv jamg‘arilgani qayd etiladi.

 – Ushbu suv inshooti XI-XII asrlarda qoraxoniylar davrida qurilgan, – deydi tarixchi Sharif Sahatov. – Qoraxoniy hukmdor Ibrohim ibn Nasr Tamg‘ach Bug‘roxon davrida Samarqand g‘arbiy qoraxoniylar davlati poytaxti bo‘lgan. O‘sha paytda Samarqand va uning atrofini obod qilish maqsadida bir qator inshootlar, binolar qurilgan. Jumladan, Jom cho‘lini sug‘orish uchun "G‘ishtband" suv ombori qurilgan va bu orqali aholini suv bilan ta’minlash, hududdagi 300 gektardan ortiq yerni sug‘orish imkoniyati yaratilgan. Ushbu suv omborining to‘g‘oni, ya’ni g‘ishtband tog‘ toshlaridan, qorishmasi esa shu yerdan chiqqan ohaktosh va o‘simliklar kullaridan tayyorlangan. Bandning balandligi 10 metr, uzunligi 25 metr, qalinligi 5,5 metr bo‘lgani, undan oltita quvur orqali suv chiqarilgani manbalarda qayd etiladi. Ayni paytda respublikamiz hukumati tomonidan Omondarasoyda, ya’ni qadimiy G‘ishtbandda yangi suv ombori qurildi. Shu bilan birga, qadimiy to‘g‘on qoldiqlari ham saqlanmoqda. Ajdodlarimizdan qolgan bu inshoot madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilib, asrab-avaylansa va sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Qadimiy yodgorliklar va tarixiy manbalar izlanuvchisi Akmal Hamroyev ham G‘ishtband tarixi bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar va ashyolar mavjudligini qayd etib, bu yerda o‘rganish ishlari olib borish zarurligini ta’kidlaydi.

– G‘ishtband qoraxoniylar davrining muhim strategik inshootlaridan biri bo‘lgan va o‘z vaqtida 300 ming kub metr suvni saqlab, aholini suv bilan ta’minlagan, – deydi A.Hamroyev. – Biz ushbu eski bandni o‘rganish jarayonida bu yerdan metall qorishma ham topdik. Bu shundan dalolat beradiki, mazkur hududda metalldan turli buyumlar, qurol-yarog‘ va tangalar yasalgan. Agar inshootda arxeologik tadqiqotlar o‘tkazilsa, nafaqat G‘ishtband, balki Jom tarixi bilan bog‘liq ko‘plab yangi ma’lumotlar, tarixiy ashyolarga ega bo‘lish mumkin, deb o‘ylaymiz.

Omondarasoyda qadimiy suv omborini qayta qurish orqali Jom qishlog‘i aholisini suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirish, hudud tabiati musaffoligini saqlab qolish uchun harakat qilayotgan va boshqalarni ham shunga da’vat etayotgan faollardan biri Eshturdi Rahimovdir. 82 yoshli otaxon bir necha yillardan buyon mazkur inshoot va hudud tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plab, tegishli idoralarga taqdim etmoqda va suv ombori qurilishiga hissa qo‘shmoqda.

– Qoraxoniylar davriga oid "G‘ishtband" suv ombori 330 ming kub suvni saqlab, aholining ichimlik suvi va qishloq xo‘jaligi uchun ehtiyojini qondirgan, – deydi Eshturdi Rahimov. – Uzoq yillar aholi bundan samarali foydalangan. Jom qadimiy Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgani uchun muhim ahamiyatga ega hudud bo‘lgan. Bu yerda katta qo‘rg‘on bo‘lgani va tashqi dushmanlardan himoyalanish maqsadida atrofi suv bilan o‘ralgani haqida ma’lumotlar bor. Ushbu qo‘rg‘onga ham suv "G‘ishtband" suv omboridan borgan. Umuman, suv omboridan 21 kilometr masofaga, Sansalorota degan joygacha ariqlar tortilib, 330 gektar yer suv bilan ta’minlangan. Bu 1962 yilda yurtimiz arxeolog olimlarining Mozandaron ekspeditsiyasi tomonidan ham qayd etilgan.

Hududda aholi sonining o‘sib borishi va suv tanqisligi kuchayishi natijasida, qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bahorgi mavsumda sodir bo‘ladigan sel va toshqindan aholini saqlash maqsadida qadimiy suv omborini tiklash bo‘yicha fikrlar bildirildi. Keyin bu taklif va tashabbuslarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdik va 2014 yil 27 iyulda Vazirlar Mahkamasining qadimiy "G‘ishtband" suv omborini tiklash, buning uchun 3 milliard 323 million so‘m pul ajratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Dastlab 2015-2017 yilarda qurilish ishlari olib borildi. Keyin 2021 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yana 5,5 milliard so‘m ajratildi va hozirda inshootda qurilish ishlari yakuniga yetmoqda. Bu davlatimiz rahbarining keyingi yillarda yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, atrof-muhit musaffoligini saqlash va suv taqchilligining oldini olishga qaratilgan islohotlari natijasidir.

 Bu inshoot faqatgina aholini sel va toshqin suvlari xavfidan saqlash, suv bilan ta’minlashdan tashqari, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga yordam beradi. "G‘ishtband"da suv to‘planishi Jomni suv bilan ta’minlaydigan buloqlarda suv ko‘payishi va yangi buloqlar ko‘z ochishiga, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, yangi bog‘ va o‘rmonzorlar, yashil hududlar yaratilishiga asos bo‘ladi. Kelajakda bu yerni turistik yo‘nalishga kiritib, sayyohlik sohasida ham yangi loyihalarni amalga oshirish, dam olish maskanlari yaratish mumkin. Bugun Jomda 30 ming aholi yashaydi. Albatta, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish lozim. Yangi suv ombori ushbu maqsadlarga erishishga xizmat qilishi shubhasiz.

 G‘.HASANOV,

 A.ISROILOV (surat).