Xonlikning Jomdagi so‘nggi masjid-maktabi

Yoxud e’tibordan chetda qolgan bir yodgorlik tarixidan

Ashtarxoniylarning qudratli va qat’iyatli hukmdori Ubaydullaxon-2 hukmronligi yillari (1701-1712) xonlikning so‘nggi yuksalish davri bo‘ldi. Ma’rifatli hukmdor bo‘lgan bu shaxs, ichki siyosiy parokandalikni tugatish, mamlakatning oldingi qudratini tiklash uchun tinmay harakat qildi. Bu yo‘lda u yaqinlari, o‘zboshimcha oqsoqollar, bo‘ysunmas beklarni ham ayab o‘tirmadi. Uning mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish uchun 1708 yilda o‘tkazgan pul islohoti muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Tangadagi kumush tarkibi 35 foizdan 9 foizga tushirildi. Bu esa pulning to‘rt baravarga qadrsizlanishiga olib keldi. Buning oqibatida dehqonlar, hunarmandlar va savdogarlarning keskin noroziligi kuchayib, fitnakorlar uchun ayni muddao bo‘lgan qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Chunki hukmdor mamlakatda dunyoviy ilmlarni rivojlantirish, ma’lum miqdorda dinni cheklash, mamlakat hayotida tengsiz qudratga ega, shayxulislom lavozimi vakillari Somoniylar davridan beri ushbu vazifani egallab kelayotgan Juybor shayxlari (Naqshbandiylik tariqatining vakillari) soliq va bir qancha imtiyozlardan mahrum etilgani din mutassiblarining keskin qarshiligiga uchradi.

Davlat lavozimiga hunarmand va savdogarlar bolalarining olinishi, insonni jamiyatda tutgan mavqeidan qat’i nazar uning iqtidoriga bilim va harakatiga qarab yuqori mansablarga qo‘yilishi tamomila Ubaydullaxon-2 uchun fojia bo‘ldi. Fitnaga uning ukasi Abdulfayzxon boshchilik qildi. 1712 yilda Buxoro shahri yaqinidagi "Piri Mirza" chorbog‘ida hukmdorga suiqasd uyushtirildi va Ubaydullaxon-2 31 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi.

Shu bilan Buxoro xonligining so‘nggi shamchirog‘i so‘ndi. Bu haqida Amin Buxoriyning "Ubaydullanoma" asarida keng bayon etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘z zamonasining fan va ta’lim sohasida tub burilishlar yasab, islohotchi hukmdor sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlangan Ubaydullaxon-2 hukmronligi davrida “Xonobod” chorbog‘i hamda bir qancha madrasalar qurildi, masjidlar ta’mirlandi. Chekka ovullarga ham alohida e’tibor qaratilib, masjidlar qoshida 6-7 yoshdagi bolalar uchun kichik va ixchamgina maktablar tashkil etilgan va bu yerda ular 5-8 yil davomida boshlang‘ich ta’limni olganlar (bu haqda Yusuf Munshiyning "Tarixi Muqumxoniy" asarida ketirib o‘tiladi).

So‘zimiz dalili sifatida Nurobod tumanining Jom qishlog‘idagi Omondara mahallasida joylashgan, xalq tilida "Chunqaymish masjidi" nomini olgan maktabni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Qurilish uslubiga ko‘ra, unga yondosh bo‘lgan Tegirmonboshi mahallasida XVIII asrga oid “Eski masjid" nomini olgan inshootni takrorlaydigan ushbu bino markazida joylashgan ustunda "Usta Abdusattor tomonidan qurilgan", degan yozuv bor. Bu yozuv har ikkala yodgorlikda ham ucharaydi. Tarixchi-arxitektor Abdumannon Yorqulovning ta’kidlashicha, shunday xulosaga kelish mumkinki, bu ikkala masjid-maktab ham bir vaqtda va bir usta tomonidan barpo qilingan. Devorlarining qalinligi bir metrdan oshadigan bu imoratni shu qadar mustahkam barpo etishganki, asrlar mobaynida qanchadan qancha yomg‘ir, dovullarga dosh berib kelmoqda. Mazkur masjid-maktab Buxoro xonligi davrida ilm-ma’rifat va madaniyat markazi bo‘lgan hamda bolalarga boshlang‘ich ta’lim berilgan. Bu haqda qishloq nuroniylari ham ota-bobolaridan eshitgan voqealardan so‘zlab berishdi. Bu masjid-maktabda boshlang‘ich ta’limni olgan ayrim kishilar Samarqand va Buxoro shaharlariga borib, yirik madrasalarda tahsilini davom etirishgan. Amirlik davriga kelib, mazkur masjid va maktabning roli yanada ortdi hamda diniy siyosiy maskanga aylandi. Chor Rossiyasining yurtimiz tuproqlariga bosqinidan so‘ng bu masjid-maktab o‘zining qishloq hayotidagi oldingi mavqeini yo‘qotib bordi, 1917 yilgi oktyabr inqilobidan so‘ng bu maktabda ta’lim berish butkul to‘xtatildi. Qadimiy ilm maskani endi xo‘jalikning don, sut-qatiq saqlaydigan ombori, do‘kon, oshxona vazifalarini ham o‘tadi.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng bu yerdan maishiy xizmatlar uchun foydalanish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, bino bugungacha e’tibordan chetda qolib, xaroba maskanga aylangan.

Aytmoqchi bo‘lganim, yaqin o‘tmishimiz durdonasi bo‘lgan bunday imoratlarni saqlab qolish va uni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish biz uchun ham qarz, ham farz emasmi? Bunga mas’ullar nima deydi?

Ilhomjon BOTIROV,

Nurobod tumani, madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi inspektor.