Payariqdagi nasos stansiyasida Daniyaning “Grundfos” kompaniyasida ishlab chiqarilgan agregatlar o‘rnatiladi
Urgut tumani markazidan o‘tgan “Urgutsoy” soyining 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi va “Tijduvon” va “Choshtepa” suv omborlarini qurish masalasi texnik va iqtisodiy jihatdan o‘rganiladi.
91 milliard so‘m byudjet mablag‘i hisobidan Bulung‘ur suv ombori kelgusi yilda ishga tushirilib, 37 ming gektar yerning suv ta’minoti va meliorativ holati yaxshilanadi.
Viloyat tumanlaridagi 30 ta tik quduqlar hamda 10 ta nasos stansiyalari (Bulung‘ur va Ishtixonda 1 tadan, Narpayda 8 ta) davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga uzoq muddatga beriladi.
Samarqandda tajriba-sinov tariqasida Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi Payariq tumani “O‘zbekiston” nasos stansiyasi agregatlarini energiya tejamkor agregatlarga almashtirish bo‘yicha Daniyaning “Grundfos” kompaniyasida ishlab chiqarilgan agregatlar o‘rnatiladi. Bunda foydalanishga tayyor holda topshirish bilan bog‘liq shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Payariq tumanining Xalqobod hududidagi Nakurt, Tallakor, Kulto‘sin mahallalarida yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida hududdagi 30 ta qishloqning har birida 50 gektardan lalmikor yerlarda artezian quduqlari qaziladi. 100 nafardan jami 3 ming nafar yoshga 50 sotixdan dehqon xo‘jaligi sifatida lalmi yer maydonlari ajratiladi.
Joriy yil yakunigacha viloyatdagi 25 ta oziq-ovqat sanoati korxonalarida xalqaro standartlar joriy etiladi. Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlarida 60 gektar maydonda barpo etilayotgan limonchilik komplekslari kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlanadi.