"Qayroqqum" suv ombori yuzasidan vazirlik ham bayonot berdi

Xabar qilganmizdek, joriy yil 14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan “Bahri tojik” ("Qayroqqum") suv ombori yorilishi oqibatida suv toshqini sodir bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ham bayonot berdi.

“Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning ma’lum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yo‘q, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz.

Bugungi kunda "Qayroqqum" suv omborining suv hajmi 3 milliard 443 million metr/kub bo‘lib, suv omboriga suvning kirishi 892 metr/ kub/sekund, suvning chiqishi esa 880 metr/kub/sekundni tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi o‘n kunlik davomida suv to‘plash va suv chiqarishda hech qanday keskin o‘zgarish kuzatilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan o‘tkazildi.

“Bahri tojik” suv omborining suv hajmi o‘zgarishi bo‘yicha qo‘shni Tojikiston Respublikasi suv xo‘jaligi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, suv omborining ishlash rejimi bo‘yicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligi ham fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Bahri tojik” suv ombori suvidan O‘zbekistonning Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining ekin maydonlarini sug‘orishda foydalaniladi.