G‘afur G‘ulomning duosini olgan murabbiy
“Zarafshon”ning zabardast muharrirlari haqida gap ketsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Nuriddin Shukurovning nomi alohida tilga olinadi.
Taniqli adabiyotshunos olim, tarjimon va munaqqid, shoir, jurnalist Nuriddin Shukurov 1930 yil 16 mayda Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida tug‘ilgan.
1945-1950 yillarda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan.
1953 yildan SamDU o‘zbek adabiyoti kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik universitetning o‘zbek va tojik filologiya fakultetida dekan, kafedra mudiri, prorektor bo‘lgan.
1968-1973 yillar “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida bosh muharrir sifatida faoliyat ko‘rsatgan, 1990 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand bo‘limini boshqargan.
1977 yilda olimga "O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi" faxriy unvoni berilgan.
Nuriddin Shukurov 1995 yilda vafot etgan.
Alloma o‘zining qisqa, ammo sermazmun umri davomida o‘zbek adabiyotshunosligi ilmiga, o‘zbek tanqidchiligi taraqqiyotiga, o‘zbek badiiy tili va uslubini tadqiq etish masalalariga juda katta hissa qo‘shdi.
Nuriddin Shukurov g‘oyatda zukko va noziktab murabbiy edi. Uning talabalarga ilm sirlarini o‘rgatishda o‘ziga xos va betakror uslubi bor edi. Buning ustiga, u taniqli jamoat arbobi va ta’limning mohir tashkilotchisi bo‘lgan. Samarqand viloyati miqyosidagi turli ma’rifiy-adabiy tashkilotlarga rahbarlik qilgan. Uning uyi shogirdlar uchun doimo ochiq bo‘lib, adabiy bahslar, tortishuvlarga boy davralar bo‘lardi. Chunki domla Samarqand davlat universitetidagi “Shalola” adabiy to‘garagini tashkil etib, uning atrofiga Omon Matjon, Ilhom Hasanov kabi iste’dod egalarini jamlagan edi.
Nuriddin Shukurov Xizr nazar qilgan tug‘ma iqtidorga ega olim va pedagog edi. Akademik shoir G‘afur G‘ulomga shogird tushib, uning duosini olgan Nuriddin aka o‘zidan katta adabiy meros qoldirdi. So‘z san’atining turli masalalariga bag‘ishlangan 300 dan ko‘proq maqola, asarlar yaratdi. Ularning bir qismini qadrdon do‘sti, taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Saydulla Mirzayev bilan hamkorlikda yozib, gazetalarda e’lon qilgan edi.