Gaz bosimi qayerda qancha oshdi?
Shu yil 16 dekabr kuni respublikamiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida qishga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari gaz eksportini qisqartirib, kuniga 7-8 million kub metr tabiiy gaz qo‘shimcha ravishda hududlarga yo‘naltirilishi hisobiga aholi ehtiyojlarini qondirish yuzasidan ko‘rsatma berdi.
- Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi va iste’molchilarni kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida filialimizda zarur rejalar belgilab olindi, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbari Olim Isoqulov. - Bugungi kunda viloyatimizda 773 mingdan ziyod gazlashgan xonadon mavjud bo‘lib, ulardan 293 ming 677 tasi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Tabiiy gaz yetib bormaydigan 479 ming 339 xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari bergan topshiriqdan keyin tabiiy gaz tanqisligi mavjud hududlarga qo‘shimcha limit ajratildi. Jumladan, Samarqand shahrida aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazilayotgan tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida:
- “Samarqand-1” gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 82,7 ming metr/kubdan 88 ming metr/kubga, “Samarqand-2” gaz taqsimlash shoxobchasidan 17 ming metr/kubdan 18,3 ming metr/kubga, “Samarqand-3” gaz taqsimlash shoxobchasidan esa 5,4 ming metr/kubdan 7,6 ming metr/kubga;
- Kattaqo‘rg‘on shahar gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 9,4 ming metr/kubdan 11,4 ming metr/kubga;
- Jomboy gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 12,5 ming metr/kubdan 15,6 ming metr/kubga;
- “Tayloq-1” gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 11,3 ming metr/kubdan 12,2 ming metr/kubga ko‘tarildi;
- Urgut gaz taqsimlash shoxobchasi soatlik gaz sarfi 5,5 ming metr/kubdan 7,8 ming metr/kubga;
- Paxtachi gaz taqsimlash shoxobchasidan 5 ming metr/kubdan 9,2 ming metr/kubga;
- Ishtixon gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 4,9 ming metr/kubdan 8,4 ming metr/kubga;
- Payshanba gaz taqsimlash shoxobchasidan 6,1 ming metr/kubdan 9 ming metr/kubga;
- Qo‘shrabot gaz taqsimlash shoxobchasidan soatlik gaz sarfi 2,8 ming metr/kubdan 4,7 ming metr/kubga
ko‘tarildi.
Bundan tashqari, joylarda tabiiy gaz bosimini me’yorda saqlash maqsadida shahar va tuman hokimlari bilan birgalikda ishchi guruhlar tuzilib, joylarda xonadonlarda noqonuniy ravishda o‘rnatilgan so‘rg‘ich (nasos)larni olib tashlash bo‘yicha zarur ishlar tashkil etildi.
Natijada Samarqand shahridan 51 ta, Oqdaryo tumanidan 14 ta, Ishtixondan 14 ta, umuman, barcha tuman-shaharlardan 114 ta gaz so‘rg‘ich apparatlari ishchi guruh tomonidan aniqlanib, yechib olindi. Kuzatishimizcha, shundan so‘ng mahallalarning oxirgi xonadonlariga tabiiy gaz yetib borishi me’yorga tushdi. Ayni kunlarda bu ishlar davom ettirilmoqda.
Shuningdek, joylardagi kafolatlanmagan ulgurji iste’molchilar tarmoqdan uzildi va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobcha (AGTKSh) lari tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuni soat 17:00 dan 23:00 gacha tarmoqdan to‘xtatilib, iqtisod qilingan tabiiy gaz aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib berilmoqda.
To‘g‘ri, bu kabi tadbirlarga qaramasdan ayrim gaz quvurlarining oxirgi nuqtalaridagi iste’molchilarda gaz yetishmovchilik holatlari mavjud. Bunga ham barham berish maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilab olganmiz. Joylarda bu boradagi ishlarimiz bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Akram Haydarov yozib oldi.