Gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida qulagan namunali uyning qurilishi talabga javob beradimi? Qurilish vazirligi izoh berdi

Joriy yilning 6 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Ayrim ijtimoiy tarmoq kanallarida “...rasmga e’tibor bilan qarasangiz, uyning fundamenti bo‘laklarida armaturani ko‘rmaysiz. Bu xonadonning qurilish normativlariga asosan qurilganligiga ishonish qiyin”, deyilgan.

Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari voqea joyiga chiqib o‘rganishdi.

Ma’lumki, ushbu namunali uy 2016 yilgi davlat dasturi doirasida, pudratchi “Maxsus melioratsiya qurilish va ta’mirlash” korxonasi tomonidan bunyod etilgan. Ushbu ob’yektning yerto‘la devorlarida ishchi loyiha bo‘yicha 3 ta qatorda qurilish fundament bloklari montaj qilingan. Ushbu fundament bloklari zavodda ishlab chiqarilgan tayyor qurilish mahsuloti bo‘lib, unda armatura bo‘lishi belgilanmagan.

Ob’yektdagi mazkur fundament bloklari ustidan armaturali seysmopoyasi bajarilishi belgilangan bo‘lib, ularda armaturali karkaslar montaj qilingan. Uning ustidan yig‘ma orayopma plitalar o‘rnatilgan va armaturali karkas betondan antiseysmik belbog‘ ishlari bajarilgan.