Gazso‘rg‘ichlarni bartaraf etish bo‘yicha nazorat o‘rnatildi

Shu yil 11 yanvar kuni zarnews.uz saytida e’lon qilingan Payariq tumani Xosa qishlog‘ida yashovchi 70 yoshli Rahmatilla Qorjovovning murojaati yuzasidan ”Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali javob yo‘lladi.

Unda quyidagilar ma’lum qilingan:

“Xosa qishlog‘i tabiiy gaz tarmoqlaridan uzoqda joylashganligi, gaz yetkazib berishning texnik imkoniyati yo‘qligi sababli 2014 yilda suyultirilgan gazga moslashtirilgan. Hudud aholisining bir qator yuqori tashkilotlarga ketma-ket murojaatlaridan so‘ng 2019 yilda 40 ta xonadon qo‘shni qishloqdagi gaz taqsimlash shoxobchasidagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan.

 “Payariqtumangaz” bo‘limining ma’lum qilishicha, Xosa qishlog‘ida yashovchi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan 40 ta xonadon ham 2021 yil 17 yanvar kuni suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.

Ilgari xabar qilinganidek, gaz tarmoqlarining so‘nggi nuqtalarida tabiiy gaz bosimining pasayishiga aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan gazso‘rg‘ichlar ham sabab bo‘lmoqda. Ayni paytda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali, viloyat IIB, favqulodda vaziyatlar, yong‘in xavfsizligi boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda hududda reyd-tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Maqolada mahalladagi mavjud gazso‘rg‘ichlar bo‘yicha qilingan murojaat nazoratga olindi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.

Tahririyatdan: Murojaatda R.Qorjovov 2020 yil noyabr oyida tuman gaz idorasi xodimlari tomonidan 1000 metr/kub gaz iste’moli uchun pul terilgani, ammo iste’mol uchun gazning hidi ham yo‘qligi, maktabdagi gazso‘rg‘ich tufayli xonadonlarga tabiiy gaz yetib bormayotganligini yozgan. Ammo yuqorida berilgan javob xatida bu savollarga javob yo‘q…