Gruziyadagi hukmron partiya norozilik namoyishlari fonida xorijiy agentlar haqidagi qonun loyihasini qaytarib oldi
Notinchlikka sabab bo‘lgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi va parlamentdagi ko‘pchilik qaytarib olishga qaror qildi, deyiladi partiyaning bugun e’lon qilingan bayonotida.
“Mas’uliyatli hukmron kuch sifatida biz qo‘llab-quvvatlagan qonun loyihasini hech qanday shartlarsiz qaytarib olishga qaror qildik”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, unda aytilishicha, emotsional fonni pasaytirish bilan birga, hukmron siyosiy kuch aholiga xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun nimalarga xizmat qilishi kerakligi va nima uchun nodavlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari faoliyati shaffofligini ta’minlashi zarurligini yaxshiroq tushuntirish niyatida.
“Biz keng jamoatchilikka haqiqatni barcha tafsilotlari bilan oydinlashtirish maqsadida yig‘inlarini o‘tkazishni boshlaymiz”, deyiladi xabarda.
Unda, shuningdek, Gruziyada tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalqining asosiy tanlovi bo‘lgan Yevropaga yo‘lni “munosib” davom ettirilishi aytiladi.
8 mart kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel Gruziyadagi xorijiy agentlar haqidagi qonun mamlakatning YeIga kirish maqsadiga zid ekanini aytdi. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, qonunning yakuniy qabul qilinishi Yevroittifoq va Gruziya munosabatlari uchun “jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”.
8 mart kuni muxolifatdagi “Strategiya Agmashenebeli” partiyasi yetakchisi Giorgiy Vashadze hukumatga ultimatum qo‘ydi. Unga ko‘ra, parlamentdan chet el agentlari haqidagi qonunni chaqirib olinishi va bir kun avval hibsga olingan barcha namoyishchilar ozod qilinishi kerak edi.
Payshanba kuni respublika Ichki ishlar vazirligi Gruziya politsiyasi 7-8 mart kunlari Tbilisida mamlakat parlamenti yaqinida o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida 133 kishini hibsga olgani haqida xabar berdi.
Seshanba kuni esa parlamentda “Chet el agentlari to‘g‘risida”gi qonun birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgach, muxolifat yetakchilari o‘z tarafdorlarini mitingga chaqirdi, bu vaqt davomida politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi.