Gruziya prezidenti Saakashvilini hech qachon afv etmasligini bildirdi

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili kecha, 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mahbus, sobiq davlat rahbari Mixail Saakashvilini hech qachon afv etmasligini aytdi.

“Mamlakat manfaati qadrli ekanini bilgan holda, ko‘p narsaga tayyorman... Bu masala yana kun tartibida qolayotgani uchun aytishim kerakki, Mixail Saakashvilini afv etish bo‘yicha mening pozitsiyam qat’iy va o‘zgarmas va men hech qachon bu masalaga qaytmayman”, dedi Zurabishvili.

Saakashvili 1 oktyabr kuni Gruziyada, bir necha jinoiy ish bo‘yicha o‘z uyida hibsga olingan edi. Siyosatchi bankir Sandro Girgvliani o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishida sirtdan sudlangan. Birinchi holatda Saakashvili uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari, u 2007 yil 7 noyabrdagi muxolifat mitingini tarqatish, “Imedi” telekompaniyasidagi talonchilik va davlat byudjet mablag‘larini o‘g‘irlash bilan bog‘liq ishlarda ham ishtirok etgan, bular hali ham sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Saakashvili Ukraina fuqaroligiga ega. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Saakashvilini Ukrainaga qaytarish bilan shaxsan o‘zi va mamlakat rasmiylari shug‘ullanishini ta’kidlagan edi. Gruziya prokurori Jarji Siklaurining aytishicha esa, Saakashvilini Ukrainaga ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmaydi.