Tanib bo‘lmas Saakashvili uzoq tanaffusdan so‘ng Tbilisi sudi majlisida paydo bo‘ldi, Zelenskiy uni Ukrainaga qaytarishga chaqirmoqda

Kecha, 3 iyul kuni Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili uzoq tanaffusdan so‘ng birinchi marta 2007 yildagi mitingni tarqatishda ayblanib, unga qarshi qo‘zg‘atilgan ish ko‘rib chiqilayotgan Tbilisi sudi majlisida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Sud zalidan olingan suratda 2021 yil oktyabr oyidan beri hibsda saqlanayotgan Gruziyaning sobiq prezidenti qanchalik ozganligi ko‘rinib turibdi.

Gruziyani 2004 yildan 2013 yilga qadar boshqargan Saakashvili keyinchalik ish faoliyatini Ukrainada davom ettirgan. U chegarani kesib o‘tib, Gruziyaga qaytganidan keyin muqaddam sudlangani uchun 2021 kuzidan beri hibsda. Bu davrda Saakashvili u yoki bu sabablarga ko‘ra bir necha marta ochlik e’lon qilgan.

Qamoqxonada Saakashvilining sog‘lig‘i darajasi darajada yomonlashgan. 2022 yil may oyidan beri siyosatchi Tbilisidagi "Vivamed" klinikasida davolanadi. Sud majlislarida 20 nafar shifokor Saakashvilining ahvoli og‘irligini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Gruziya sobiq prezidentining tarmoqda paydo bo‘lgan suratlariga izoh berib, “Rossiya hozirda Ukraina fuqarosi Mixail Saakashvilini Gruziya rasmiylari qo‘li bilan o‘ldirmoqda”, dedi va uni bir necha bor Ukrainaga qaytarishga chaqirganini eslatdi. Bu safar Zelenskiy Gruziyaning Ukrainadagi elchisini chaqirib, unga keskin norozilik bildirish va rahbariyati bilan maslahatlashish uchun mamlakatni tark etishni taklif qilishni tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaga topshirgan.