"U abadiy o‘tirishi kerak": Saakashvilining muxoliflari qamoqxona yaqinida miting o‘tkazdi
Gruziyaning sobiq lideri Mixail Saakashvili muxoliflari siyosatchi saqlanayotgan Rustavi shahridagi qamoqxona atrofida to‘plandi va uni prezidentlik davrida repressiyalarda ayblashdi, deya xabar beradi Sputnik Gruziya.
"Gruziyada ko‘pchilik o‘ziga nisbatan repressiya va siyosiy ta’qiblarni boshidan kechirishiga to‘g‘ri keldi. Biz o‘sha yillarda nima bo‘lganini jamoatchilikka eslatish uchun aksiya uyushtirdik. U qamoqdan chiqmaydi", dedi mitingda Saakashviliga murojaat qilgan sobiq siyosiy mahbus Tristan Sitelashvili.
Yig‘ilganlar Saakashviliga murojaat qilib, "qotil" va "azob beruvchi" deya baqirishdi. Bundan tashqari, namoyishchilar sobiq prezidentga muddatsiz jazo berilishini talab qildi.
"U abadiy o‘tirishi kerak", dedi 2004 yilda maxsus operatsiya paytida otib o‘ldirilgan Buta Robakidzening onasi Iya Metreveli.
Mixail Saakashvili 1 oktyabr kuni Gruziyada hibsga olingan edi. Ma’lum qilinishicha, sobiq prezidentga ikkita yakuniy hukm chiqarilgan. Bular - Sandro Girgvlianining o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi.