Hamkasb yodi: Abduvali aka hayot bo‘lganida 52 yoshga to‘lardi

Bugun hamkasbimiz, yetuk jurnalist, ajoyib do‘st Abduvali Ochilov tavallud topgan kun.

Abduvali aka hayot bo‘lganida bugun 52 yoshga to‘lardi.

1971 yil 20 martda Qashqadaryo viloyati Koson tumani Po‘lati qishlog‘ida tug‘ilgan A.Ochilov 1993 yilda Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

1994 yildan umrining oxirigacha «Zarafshon» gazetasida musahhih, muxbir, reklama va tijorat bo‘limi mudiri, bosh muharrirning iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishladi.

Abduvali aka so‘nggi yillarda gazeta tahririyatining rek­lama va e’lonlar bo‘limida ishlar, ishxonada hammaga bir xilda munosabatda bo‘lar, hammani yaxshi ko‘rardi. Undan ozroqqina dili og‘rigan, ko‘ngli qolgan odamni hozir ham topolmaysiz.

Besh yildirki, shunday bag‘ri butun, ochiqko‘ngil, qalbi daryo inson oramizda yo‘q. Biz, hamkasblar Abduvali akaning hamon tahririyatda yurganini, kirish zali derazasi yonida tongdan sigaret chekib, barchani birdek kutib olayotganini his qilamiz. U kishining ochiq chehrasi, hazilomuz gaplari, harakatlari yodimizdan chiqmaydi.