Hamkorlikda ekologiya va bioxilma-xillik muammolari muhokama qilinmoqda

Samarqand davlat universitetida “Ekologiya va tabiatdan foydalanishning dolzarb muammolari mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi. Unda Rossiya, Belarus, Litva, Qozog‘iston davlatlarining oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari onlayn tarzda qatnashdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda populyasiyalar ekologiyasi, amaliy ekologiya, bioxilma-xillikni saqlab qolish, ekologik xavfsizlik va oziq-ovqat sifati, ekologik ta’lim-tarbiya, barqaror taraqqiyot kabi dolzarb masalalar olimlar, professor-o‘qituvchilar va ishlab chiqarish mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi.
Keyingi yillarda yer yuzida tabiatdan foydalanishning kuchayishi oqibatida ko‘plab hayvonot va o‘simliklar turlari kuchli antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni qisqardi, ba’zilari esa butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ayniqsa, ov ob’yektlari sifatida va katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sutemizuvchilar va qushlarning yirik turlari, shuningdek, inson tomonidan o‘zlashtirilayotgan, tashqi ta’sirga chidamli bo‘lmagan ekotizimlarning tarqalishi cheklangan va endemik turlar katta xavf ostida qoldi.
Ilmiy-amaliy xalqaro anjumanda kelgusida atmosferaning ifloslanishi, chuchuk suv muammosi, tabiatda o‘simlik va hayvon turlarining qisqarishi muammolarini o‘rganish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash kabi masalalarda hamkorlikni kengaytirish rejalari tuziladi va amalga oshirish chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Anjuman ishi 24 aprelgacha davom etadi.
X.Boymurodov,
SamDU ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi mudiri.