Har bir ishchi-xodim kasaba uyushma tashkilotlari himoyasida
Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashgan kengashi raisi Suhrob Rafiqov bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashgan kengashi raisi o‘rinbosari A.Qodirov kengash tomonidan viloyatdagi korxona-tashkilotlar xodimlari uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar, mehnat huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashgan kengashida o‘tkazilgan anjumanda ta’kidlanishicha, joriy yilda xodimlarni kasaba uyushmalariga jalb etish borasida olib borilgan muayyan ishlar natijasida nodavlat korxonalarida 257 ta kasaba uyushma boshlang‘ich tashkilotlari tuzilib, ularning 4597 nafar xodimlari kasaba uyushma a’zoligiga jalb etildi. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha kasaba uyushmalari tarkibida 5 tarmoq, 16 tuman va shahar kengashlari, 3334 boshlang‘ich kasaba uyushmalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Yil davomida birlashma kengashiga fuqarolardan 262 ta murojaat qabul qilingan bo‘lib, ulardan 126 tasi yozma, 4 tasi og‘zaki, 86 ta elektron hamda 46 tasi ishonch telefonlari orqali kelib tushdi. Ularning 90 tasi ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 158 nafar fuqaroga qonun hujjatlari asosida tushuntirish ishlari olib borilgan.
- O‘tayotgan yilimizda ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish borasidagi qator ishlar tashkil etilib, kasaba uyushmalari tomonidan 4700 nafar, “Shuhrat oromi” ma’suliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa 250 nafar ishchi-xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun 7 milliard 680 million so‘mlik yo‘llanmalar ajratilib, kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriya va dam olish uylarida sog‘lomlashtirildi, - deydi Suhrob Rafiqov. – «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi asosida 102 nafar ishchi-xodimlar va “Obod qishloq” dasturiga asosan ehtiyojmand oila a’zolaridan 25 nafariga, shu bilan birga viloyat hokimligi sektor rahbarlarining hududlardagi qabullarida murojaat qilgan fuqarolardan 16 nafariga bepul yo‘llanmalar ajratildi. Qariyb 9,5 ming nafar bola kasaba uyushmalari, korxona-tashkilot va ota-onalar mablag‘lari hisobidan bolalar oromgohlarida dam olishdi.
Kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lgan 12 mingdan ziyod korxona-tashkilotlarda jamoa shartnomalari qabul qilinib, ular orqali jami 408 mingdan ziyod xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoya qilindi. Chunonchi, mazkur jamoa shartnomalari asosida 223 mingdan ziyod ishchilar qo‘shimcha ta’til imtiyozlaridan foydalandi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlar orqali 7066 nafar fuqaro va 2566 ta oilaga 2 milliard so‘mdan ortiq ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.
Matbuot anjumanida yil davomida 764 nafar ishlamaydigan pensionerlar va korxonaning sobiq xodimlariga, 900 nafar pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishidan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va ularni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash uchun 81.6 million so‘m mablag‘ ajratilganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, 1575 nafar kam ta’minlangan yosh oilalarga 68.9 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Tarmoq kasaba uyushmalari, korxona, tashkilot va muassalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 mingga yaqin ishchi-xodimlar uchun mamlakatimizdagi tarixiy shaharlarga, ziyoratgoh va qadamjolarga sayohatlar tashkil etildi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashgan kengashi faoliyatini yanada rivojlantirish, ko‘proq nodavlat korxona va tashkilotlarni o‘z safiga jalb qilish bo‘yicha tuzilgan rejalar haqida ham keng ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.