Har bir murojaat e’tiborda bo‘lsa, muammolar barham topadi

Bu gap xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari to‘qson ikkinchi sessiyasida aytildi. Unda aholi murojaatlari yechimi bilan birga boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rildi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyevning viloyatda aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axboroti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va viloyatdagi xalq qabulxonalariga 91 261 ta murojaat kelib tushgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 311 taga kamaygan). Eng ko‘p murojaat Samarqand shahri (14 206 ta), Past Darg‘om (9 864 ta), Payariq (8 428 ta), Urgut (7 549 ta) va Paxtachi (6 857 ta) tumanlarida qayd etilgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 65 860 tasi qanoatlantirilgan, shundan 35 188 tasi ijobiy yechimini topgan. 7 142 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.

- Hisobot davrida aholi murojaatlarining ijobiy hal etilish darajasi Oqdaryo, Bulung‘ur, Past Darg‘om, Jomboy tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida 40 foizni ham tashkil etmagan, - dedi M.Turdiyev. – Keyingi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholi tomonidan mahalladagi chiqindilarni olib chiqish, elektr energiyasi ta’minoti, bandlik masalalariga oid takroriy murojaatlar ko‘paymoqda. Achinarlisi, muammolarni o‘rganish yuzasidan yoki respublika ishchi guruhi tarkibida xodimlarimiz xonadonlarga borganida, ayrim fuqarolarning boqimandalik kayfiyatida ekanligi kuzatilyapti. “Kerak bo‘lsa, rahbarlar kelib uyimizni oqlab, tozalab berishadi” deya qo‘liga supurgi olmayotgan fuqarolar uchramoqda. Bu mahalla faollari, jamoatchilik, diniy ulamolar ham tashabbuskorlik ko‘rsatib, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishlari lozimligini taqozo etadi.

Axborotda keltirilgan masalalar yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand filiali direktori U.Nazarov, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshonqulov ma’lumot berdi. Mavjud muammolarni hal etish borasida mutasaddilar tomonidan ilgari surilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish, mas’ul idora rahbarlarining aholi muammolari va murojaatlar bilan ishlash faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda ularni navbatdagi sessiyalarda muhokama qilib borishga kelishib olindi.

Shuningdek, sessiyada ijtimoiy soha ob’yektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqilib, Kengash qarorlari qabul qilindi.

Deputatlar viloyat hokimining Hamroyev Oybek Ne’matovichni Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarorini tasdiqladilar.