Kengash huzurida yoshlar maslahat guruhi tashkil qilindi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Dastlab viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattorov viloyatda 2024 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyoti, huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati to‘g‘risida axborot berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga mahalliy davlat hokimiyati organlarining 194 ta normativ-huquqiy tusdagi qarorlari loyihalari kelib tushgan bo‘lib, ularning 163 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan holda xulosalar berilgan. 31 ta qaror loyihasi belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan. 2023 yilda mahalliy hokimliklar tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali qarorlar qabul qilinishida 726 ta qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, adliya organlari tomonidan mas’ul xodimlarning malakasi oshirilib borilishi natijasida 2024 yilda bu raqam qariyb 4 baravarga kamayib, 169 tani tashkil etdi.
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan viloyatdagi 2 mingdan ortiq tashkilot va muassasaga xizmat ko‘rsatilib, 637 ming 838 ta hujjat loyihasi huquqiy ekspertiza qilingan va ularning 579 mingdan ortig‘iga ijobiy xulosa berilgan. Qonunchilikka zid bo‘lgan loyihalar esa qaytarilgan.
Huquqni qo‘llash sohasida 944 ta davlat organlari va tashkilotlarida 915 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 136 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Mazkur holatlarni bartaraf qilish yuzasidan 1465 ta taqdimnoma, 108 ta ogohnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 1635 ta va jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan 9 ta taklif, shuningdek sudlarga 933 ta ariza kiritilgan.
Sessiyada Samarqand shahrining Chokardiza qabristonida joylashgan Imom Moturidiy majmuasini rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini barpo etish maqsadida hududdagi 220 ta hamda Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasidagi Mahdumi A’zam majmuasida rekonstruksiya ishlari olib borilishi munosabati bilan 5 ta turar va noturar joy ob’yektlari yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan taqdimot ma’qullandi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov mazkur ob’yektlar mulkdorlari bilan ochiq muhokama o‘tkazilib, ularning roziligi asosida yer uchastkalari olinishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi temiryo‘l orti qismida joylashgan, shahar va Samarqand tumani hududiga kiruvchi 3 mingga yaqin ma’nan eskirgan uy-joylar o‘rnida renovatsiya loyihasi asosida 100 ming aholi uchun ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi amalga oshiriladigan hududning chegarasi belgilandi.
Deputatlar geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi yig‘ilish bayoni hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining ekspertiza xulosasi asosida Oqdaryo tumanidagi Turon aholi punkti nomini shu hududning tarixiy nomi “Arpaariq” deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.
Shundan so‘ng xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida Yoshlar maslahat guruhini tashkil qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus hamda Oliy Majlis Senatining tegishli qarori asosida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar masalalariga doir qaror loyihalarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida Kengash huzurida 30 nafar yigit-qizlardan iborat yoshlar maslahat guruhi tashkil etildi. Ular viloyat Kengashi deputatlariga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirildi.
Sessiyada viloyatda ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar miqdorini belgilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.