O‘tgan yil yakunlari va bu yilgi rejalar haqida hisobotlar tinglandi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.

Deputatlar dastlab, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Saidovaning hisobotini tingladi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari o‘tgan yil xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda 156 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, turar joyga muhtoj xotin-qizlar uy-joylar bilan ta’minlangan. Bu yil yana 110 nafar shu toifadagi ayollarning muammosini hal etish rejalashtirilgan. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan 210 nafar xotin-qizlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, ixtisoslashgan tibbiy markazlarda salomatligini tikladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan 104 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning barchasiga belgilangan tartibda yordam ko‘rsatildi. Xususan, 38 ming 758 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Joriy yilda “Ayollar daftari”ning 6-bosqichida viloyat bo‘yicha 104 ming 509 nafar xotin-qizga yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Z.Saidovaning qizlarni erta turmushga berish, noqonuniy va erta nikohlarning oldini olish, oilaviy ajrimlarni kamaytirish va farzandlari uchun aliment oluvchi xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumotlari bo‘yicha deputatlar o‘z munosabatini bildirib, taklif va tavsiyalarini bayon qildilar.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axborot berdi.

– O‘tgan yil davomida Prezident virtual va xalq qabulxonalariga viloyatimiz aholisidan 124 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning (82 foizi) qanoatlantirilgan, – dedi M.Turdiyev. – Jumladan, 53 mingdan ortig‘i (44 foizi) ijobiy yechimini topgan. Lekin murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi Nurobod (40 foiz) va Urgut (41 foiz) tumanlarida eng past bo‘ldi. Eng ko‘p murojaatlar Paxtachi, Oqdaryo, Past Darg‘om tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shahriga to‘g‘ri keldi. Murojaatlarning asosiy qismi ijtimoiy ta’minot, ijro ishi, aliment va qarz undirish masalalari, xizmatchilar faoliyati va xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Yil davomida 17832 ta takroriy murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu turdagi murojaatlar Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Payariq tumanlari va Samarqand shahridan tushgan. Aholi murojaatlarining 1169 tasi rahbarlar shaxsiy qabulini uyushtirishga doir bo‘lib, jumladan, 391 kishi Prezident qabuli bo‘yicha murojaat qildi.

Axborot yuzasidan murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullardan izoh so‘raldi.

Kun tartibiga muvofiq, viloyatda ichimlik suvi va oqova tizimini takomillashtirish yuzasidan 2024 yilda amalga oshirilgan hamda joriy yilga mo‘ljallangan ishlar bo‘yicha “Samarqand suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori T.Boboyev hisobot berdi.

Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yil 154,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 588,5 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 602 ta ichimlik suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan. 6 ta oqova suv tozalash inshooti qurilgan. Viloyat prokuraturasi yordami bilan jamiyat tasarrufida bo‘lgan 509 ta suv inshootida ta’mirlash, raqamlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, 317 ta suv inshootida raqamlashtirish tizimini o‘rnatish maqsadida va doimiy ishlashini ta’minlash, nazorat qilish uchun 155 ta suv inshootida video kuzatuv kameralari, 326 ta quyosh panelli tungi yoritish chiroqlari, 63 ta zararsizlantirish uskunalari o‘rnatildi.

2025 yilda viloyat aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 134 ta ob’yektda 113 ta suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 671,1 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini tortish bo‘yicha takliflar berilgan. Xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahrida 66 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanib, sutkasiga 20 ming metr/kub quvvatli oqova tozalash inshooti, 3 ta suv inshooti, 64 kilometr suv va 48,9 kilometr oqova tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Ushbu loyiha natijasida 36 ta mahallada yashovchi 85,6 ming aholi ichimlik suvi va oqova xizmati bilan ta’minlanadi.

Sessiyada, viloyatda 2025 yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tanlangan mahallalarda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini yaxshilash hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha dasturga kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqish va ma’qullash, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Davlat boshqaruv organlariga ishga o‘tganligi munosabati bilan xalq deputatlari viloyat Kengashiga 49-Ravonak saylov okrugidan saylangan deputat Dilfuza Azizova hamda 58-Jozmon saylov okrugidan saylangan deputat Mirzo Ixtiyorovning deputatlik vakolati ularning o‘z arizasiga ko‘ra muddatidan oldin tugatildi.