So‘nggi sessiyada deputatlar rahbar hisobotini qabul qilmadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining bir yuz to‘rtinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Oltinchi chaqiriqdagi mazkur so‘nggi sessiya davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Deputatlar dastlab, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Ahad O‘roqovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisobotini eshitdilar.
Qayd etilishicha, qaror ijrosi yuzasidan viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi chorrahalarini to‘liq raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish maqsadida 150 ta svetofor ob’yektlarini raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida joriy yil 1 oktyabr holatida 3009 dona yo‘l belgilari, 18 dona svetofor o‘rnatildi. Tumanlar va shaharlardagi aholi gavjum bo‘lgan joylarda keyingi uch yilda piyodalar tomonidan boshqariladigan 33 ta svetofor qo‘yildi. Aholi punktlarida piyodalar va velosipedda harakatlanish uchun 33 kilometr yo‘laklar qurildi. Yuk avtomobillarining vazn parametrlarini nazorat qiluvchi 2 dona ko‘chma tarozi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda viloyat hududidagi 365 kilometr uzunlikdagi umumfoydalanuv avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Shuningdek, 18 ta ko‘prikda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Hisobotda viloyat hududidan o‘tgan M37 va M39 avtomobil yo‘llarida amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari haqida ham ma’lumot berildi.
Ammo deputatlarning mazkur chora-tadbirlar avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirishda qanchalik samara berayotgani haqidagi va boshqa savollariga boshqarma boshlig‘i javob bera olmadi. Shuningdek, viloyatdagi yo‘llarning holati va buning oqibatida kelib chiqayotgan yo‘l-transport hodisalari tahlil qilinmayotgani, zarur chora-tadbirlar belgilanmayotgani tanqid qilindi.
Shu sababli deputatlar hisobotni zarur ma’lumotlar kiritilgan holda qayta tayyorlash kerakligini qayd etib, rad etdi. Ushbu masala Kengashning keyingi sessiyalarida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining 2024 yil 9 yanvardagi “2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov hisobot berdi.
– O‘tgan sakkiz oy davomida Bandlik dasturi doirasida “yangiish.mehnat.uz” platformasiga sohalar bo‘yicha mas’ullar tomonidan 297,7 ming nafar aholi bandligi ta’minlanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar kiritildi, - dedi T.Mahmudov. – Bu ma’lumotlar Soliq qo‘mitasi bazasi bilan solishtirilganda, 43,7 ming nafar fuqaro haqidagi ma’lumotlar soliq hisobotlarida aks etmaganligi aniqlandi. Dastur ijrosi bo‘yicha belgilangan sakkiz oylik reja viloyat miqyosida 218,9 ming o‘rnida amalda 254 mingtaga bajarilgan bo‘lsa-da, sohalar bo‘yicha ayrim tumanlarda belgilangan reja bajarilmadi. Masalan, investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlarida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan reja Oqdaryo tumanida 44 foizga (328 ta o‘rnida 145 ta), Payariqda 87 foizga (152 ta o‘rnida 132 ta) bajarilgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida belgilangan reja asosan sohada o‘zini o‘zi band qilganlar hisobidan bajarilmoqda. Misol uchun, Payariq tumanida 70 foiz, Kattaqo‘rg‘on shahrida 65 foiz, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida 62 foiz bandligi ta’minlanganlar o‘zini o‘zi band qilganlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish va mavjudlariga ko‘mak berish yo‘nalishida Samarqand shahri va Past Darg‘om tumanidan boshqa birorta tuman (shahar)da belgilangan reja bajarilmagan.
Mazkur masala muhokamasi chog‘ida deputatlar hisobotlarni to‘g‘ri yuritish, norasmiy band bo‘lganlar bilan ishlash, migratsiyadagi fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va ularning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Sessiyada deputatlar jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining mobil va simli ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida telekommunikatsiya infratuzilmasini Samarqand viloyatida yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha konsepsiyasini kelishish to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalarni ham ko‘rib chiqib, qarorlar qabul qildilar.
Sessiyada yakunida Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov deputatlarga o‘tgan besh yildagi samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi.
Besh yil davomida viloyat Kengashining 104 ta sessiyasi o‘tkazildi. Ushbu sessiyalarda 815 ta masala ko‘rildi. Jumladan, 259 ta hisobot, 65 ta axborot eshitildi. 59 ta hokim qarori tasdiqlandi.
O‘tgan davrda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari tomonidan ijro organlariga 1490 dan ortiq deputatlik so‘rovi yuborildi. Viloyat Kengashi deputatlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 2328 ta murojaatlar kelib tushgan va 1577 tasi hal etilgan.
Kengash raisi 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan shaxslarga omad tiladi. Faol va tashabbuskor deputatlarning bir guruhiga viloyat hokimligining tashakkurnomasi topshirildi.