Qurilishdagi qing‘irliklarga nisbatan murosasiz bo‘lish zarur
Bu haqda bugun o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari to‘qson to‘qqizinchi sessiyasida aytildi.
Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqargan sessiyada dastlab, viloyat hududiy saylov komissiyasi tarkibiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risidagi masala ko‘rildi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, hududiy saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida sakson kun qolganida hududiy saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning o‘n ikki-o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuzadi.
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasiga 21 nafar nomzod, jumladan, komissiya raisligiga Xo‘jaqul Muhammadiyev tavsiya etildi.
Saylov qonunchiligiga ko‘ra, joriy yilda parlament va mahalliy kengashlar deputatlarining vakolati tugaydi hamda keyingi besh yil uchun deputatlar saylovi o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allik darajasidan chiqarish, xorijda yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat sektor rahbarlarining 2024 yil I choragida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
Viloyat hokimi xizmat safarida bo‘lgani sababli birinchi sektorda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov hisobot berdi.
Qayd etilishicha, birinchi sektorga qarashli Samarqand shahar, Narpay, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida “Sayxunobod va Uychi tumanlari tajribasi” misolida aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, banklarning mijozlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, hisobot davrida sektor bo‘yicha 21,8 ming nafar aholini biznesga jalb qilish rejalashtirilib, amalda 33,1 ming nafar aholi biznesga o‘rgatilgan.
Viloyat prokurori M.Eshnazarovning hisobot berishicha, ikkinchi sektordagi Kattaqo‘rg‘on shahrida 249 ta, Ishtixonda 434 ta, Payariqda 430 ta, Qo‘shrabotda 231 ta xonadon o‘rganilib, ularga asbob-uskuna xarid qilish, issiqxona tashkil etish, parrandachilik bilan shug‘ullanish, tomorqada dehqonchilik qilish uchun urug‘lik sotib olishga 590 million so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari ajratilib, aholi bandligi ta’minlangan.
Viloyat IIB boshlig‘i R.Mamatov uchinchi sektordagi Nurobod tumanida 8 ta, Past Darg‘omda 10 ta, Urgutda 4 ta, Samarqand tumanida 7 ta xonadon tanlab olinib, ulardagi 823 sotix tomorqa yer maydonida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etilayotganini ta’kidladi. Bu xonadonlarga agronomlar biriktirilib, ekinlar parvarishida aholiga yordam bermoqda.
Birinchi chorak davomida sektor hududida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 2013 nafar fuqaro tomonidan 2117 ta masala bo‘yicha murojaat qilingan. Bu murojaatlarning 1087 tasi ijobiy hal etilgan, 488 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va 540 tasi vakolatli idoralarga yuborilgan.
– To‘rtinchi sektorga qarashli Oqdaryo, Toyloq, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida birinchi chorakda aholini biznesga jalb qilish, norasmiy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni rasmiy sektorga o‘tkazish yo‘nalishida 33 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi, – dedi to‘rtinchi sektor rahbari, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyev. – 367 nafar ishsiz o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda norasmiy ishlayotgan fuqarolarni legallashtirish hisobiga 377 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Mahallada mikro va kichik loyihalarni amalga oshirish hisobiga 17 ta muammo hal etildi. Dasturlar doirasida aholiga imtiyozli kreditlar ajratish hisobiga 768 ta loyiha amalga oshirildi.
Sessiya kun tartibiga muvofiq, davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari D.Saidqulov hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, viloyatimizda joriy yildagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun byudjetdan 1,6 trln. so‘m ajratilmoqda. Buning evaziga 233 ta ob’yektda ishlar bajarilishi rejalashtirilib, bugungi kunda 232 ta ob’yekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, 50 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan.
– Afsuski, dastur ijrosini ta’minlashda mas’ullarning yetarlicha jonbozlik ko‘rsatmaganligi hamda o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish yuritayotganligi kuzatilmoqda, – dedi D.Saidqulov. – Xususan, 138 ta ob’yektning pudratchisi tanlanmagan va ishlar boshlanmagan. “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yilning ikkinchi mavsumi bo‘yicha 91 ta ob’yektning qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, 22 tasi foydalanishga qabul qilinmagan. Qurilish sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoiy xatti-harakatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar davomida har bir loyihaning asosliligi o‘rganilib, 199 holatda loyiha hujjatlariga ortiqcha yoki zaruratsiz kiritilgan 143 milliard so‘m mablag‘ maqbullashtirildi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida Past Darg‘om tumanidagi 21-maktabda “Qobil Quruvchi Servis” MChJ tomonidan olib borilgan qurilish-montaj ishlari davomida 587,2 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudning hukmi bilan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanib, yetkazilgan zarar to‘liq undirildi.
Deputatlar mazkur masala muhokamasi chog‘ida qurilishdagi qonunbuzarliklar yuzasidan keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bir qator takliflarini bildirdilar.
Sessiyada Samarqand viloyatining Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari bilan ma’muriy-hududiy chegara chiziqlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘lardan samarali va o‘z vaqtida foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.