Olis maktablar o‘quvchilari uchun avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, tumanlarda oqova xizmatlarini joriy etish, qurilishlarda sifatni ta’minlash
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘rtinchi sessiyasida shu kabi o‘nga yaqin masala bo‘yicha deputatlar savollar berdi, takliflar bildirdi.
"Sessiya shunday o‘tishi kerak!". Avvalo, aytish kerakki, sessiyadan so‘ng aksariyat deputatlarning xulosasi shunday bo‘ldi. Xo‘sh, nega?
Bu, avvalo, yangi chaqiriqda mahalliy davlat hokimiyati va vakillik organining vakolatlari bir-biridan ajratilgani bilan bog‘liq. Ya’ni, endi viloyat hokimi ijro organiga va bir vaqtning o‘zida viloyat Kengashiga rahbarlik qilmaydi. Birinchi sessiyada deputatlar orasidan Kengashga rais saylab olingani haqida xabar bergandik.
Ikkinchidan, sessiya avvalgidek viloyat hokimligi binosida emas, Kengashlar uyida o‘tkazildi. Endilikda xalq deputatlari viloyat Kengashi va uning kotibiyati ushbu binoda faoliyat ko‘rsatadi.
Uchinchi yana bir o‘zgarish – sessiyaga, Kengash raisi ishtirok etmagani sababli, xalq deputatlari viloyat Kengashida eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zosi Haydar O‘roqov raislik qildi.
Deputatlar dastlab, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida 2024 yilda Samarqandda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning hisobotini eshitdilar.
Viloyat hokimi o‘rinbosari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha, ya’ni “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturining energiya resurslarini iqtisod qilish, transport xizmatlari, yo‘l infratuzilmasi, aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, aholini uy-joy bilan ta’minlash, yashillik darajasini oshirish hamda maishiy chiqindi xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaldi.
– Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida viloyatimizda 84,2 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi, – dedi A.Shukurov. – Buning natijasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 8,9 foizga yetdi. Yil boshidan buyon 352,3 million yo‘lovchiga transport xizmatlari ko‘rsatilib, yo‘lovchi tashish xizmatlari hajmi 104 foizga yetkazildi. Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha 11300 xonadonli 182 ta uy-joy qurilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3797 xonadonli 62 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bulung‘ur va Urgut tumanlarida boshlangan “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi Toyloq tumani va Samarqand shahrida ham boshlandi. Yangi uy-joylar qurilishi natijasida yil yakuniga qadar urbanizatsiya darajasi 37,5 foiz yetishi kutilmoqda. Davlat dasturida belgilangan infratuzilma loyihalarini barqaror va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash bo‘yicha aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 492,1 kilometr suv tarmoqlari va 93 ta suv inshooti qurildi. Buning natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,6 foizga yetdi. Shahar va qishloqlardagi mahallalarning 3 ming kilometr uzunlikdagi ichki avtomobil yo‘llarini asfaltlash va shag‘allashtirish ishlari amalga oshirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 11,6 million tup, kuzgi mavsumda esa shu kunga qadar 6,3 million tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli viloyatdagi 1126 ta mahallaning 1123 tasi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olingan. Chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 19 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan joriy yilda 24 ming 272 tonna polimer mahsulotlari, qog‘oz-karton chiqindilarini qayta ishlanib, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 38 foizga yetkazildi. Ishtixon hamda Jomboy tumanlaridagi ikkita maishiy chiqindi poligoni yopilib, maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish darajasi 7,5 foizni tashkil etdi.
Hisobot yuzasidan deputatlar viloyat hokimi o‘rinbosariga hududlarda mavjud muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan savollar berdi.
Jumladan, davlat dasturida belgilangan olis maktablar o‘quvchilari uchun avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, tumanlarda oqova xizmatlarini joriy etish, qurilishlarda sifatni ta’minlash va loyiha institutlari mas’uliyatini oshirish, Samarqand shahar Qorasuv massiviga boradigan yangi yo‘l va ko‘prik qurilishi, jamoat transport xizmatidagi muammolar, chiqindilarni olib chiqish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyatidagi kamchiliklar, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishdagi ko‘zbo‘yamachiliklar masalalari qayd etildi.
O‘nga yaqin deputat hisobot yuzasidan savol va takliflarini bildirdi.
A.Shukurov va tegishli idoralar rahbarlari har bir savolga javob berib, ko‘tarilgan muammolar yechimi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi. Ayrim masalalar mas’ullar tomonidan o‘rganilib, bu haqda Kengashga ma’lumot berilishi ta’kidlandi.
Sessiyada viloyatda pochta aloqasi milliy operatorining infratuzilmasini yanada mustahkamlash loyiha konsepsiyasini kelishish, viloyat hokimining 2024 yil 15 noyabrdagi “Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqlash, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ham ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyadan so‘ng Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov Oliy Majlis Senatining birinchi yig‘ilishida davlatimiz rahbari mahalliy Kengashlar faoliyati yuzasidan bildirgan fikrlar asosida yangi chaqiriqda mahalliy Kengashlarning vakolatlari ko‘paygani va shu bilan birga mas’uliyati oshganini ta’kidladi. Bu esa deputatlardan yuksak faollik talab qilishi, Kengashdagi partiyalar deputatlik guruhlari, doimiy komissiyalar ham endi yangicha tartibda ishlashi lozimligi qayd etildi.
Senatdagi ma’ruzasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytirilishi, mahalliy Kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishini ta’kidlagan edi.