Har kim nasibasini o‘zi yaratadi
Paxtachi tumanidagi Yobu qishlog‘ida yashovchi Gulnora Abdurahmonova ko‘p yillar xo‘jalik idorasida ish yurituvchi bo‘lib ishlagan. Nafaqaga chiqqach, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan tomorqasida kichik issiqxona barpo etib, unda pomidor, bodring, sabzavotlar yetishtirish bilan shug‘ullanishni odat qildi.
- Bu ish bilan 10 yildan ortiq shug‘ullanamiz, - deydi u. - Turmush o‘rtog‘im chet tili fani muallimi. Bo‘sh vaqtida bizga qarashadi.
Oilada to‘rt o‘g‘il voyaga yetgan. Kenjasi bultur Navoiy pedagogiga instituti filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Undan kattasi Toshkent yuridik universitetida uchinchi kursda o‘qiydi. Ikki nafar o‘g‘lon harbiyda ishlaydi.
- Hamma farzandlarim bo‘sh bo‘ldi deguncha issiqxonaga qarashadi, - deydi opa. - Karantin payti kelinlarimni ham olib keldim. Har kuni bo‘y cho‘zgan pomidor va bodring nihollarini ipga ko‘tarib bog‘lashga qarashadi. O‘g‘illarim sug‘orish va hosil terish bilan band bo‘ladi.
Tomorqa ortidan keladigan daromad kam emas. Shuning evaziga oilaning ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin. Ikki talabaning kontrakt pullari o‘z vaqtida to‘lanadi. Hovlidagi saranjomlikka havas qilsa arziydi.
Men bunday fidoyi saylovchilarim bilan faxrlandim va ularga o‘z kitoblarimdan sovg‘a qildim.
F.Toshev,
37-Sultonobod saylov okrugidan Samarqand viloyat Kengashi deputati.