Haydovchi YPX inspektoriga pora taklif qildi

Yo‘l xarakati qoidalarini mensimagan, tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan qoidabuzar haydovchiga qonuniy chora ko‘rildi. Uning avtomobili jarima maydoniga olib kelindi. U esa yo‘l-patrul xizmati inspektoriga pora taklif qildi.

Namangan viloyati YHXB YPXO 3-safarbarlik guruhi YPX inspektori Namangan viloyati IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, unda tonggi yo‘riqnomadan so‘ng taqsimot asosida Mingbuloq tumani hududiga xizmatga biriktirilganligini, shu kuni soat 13:30 larda Mingbuloq tumani markazida xizmat olib borayotgan vaqtida “Matiz” rusumli, avtomashinani to‘xtatib, haydovchining hujjatlari bilan tanishmoqchi bo‘lganda, uning hech qanday hujjatlari yo‘qligini aniqlab, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. So‘ngra avtomashinani jarima maydoniga olib borganida, haydovchi ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqib ketish evaziga 400.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini pora tariqasida taklif qilayotganligini bildirib, fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Inspektorning bildirgisiga asosan IIV O‘XB Namangan viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Mingbuloq tumani prokuraturasi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda tezkor-tadbir belgilanib, haydovchi YPX inspektoriga 400.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan va tegishli tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Mingbuloq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.