Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi guvohnomaga  almashtirish muddati uzaytirildi

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi "Huquqiy axborot" kanali.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomaga majburiy almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi (ilgari 2020 yil 31 dekabr edi).

Shuningdek, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi (ilgari 2021 yil 1 yanvar edi).

Bundan tashqari, avtomototransport vositasini 12 oy mobaynida boshqarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar qatoriga transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi ham qo‘shildi.