Hayotni puxta bilgan maqolani puxta yozadi
Sohaning ikki zabardast shaxsi uchrashganda va atrofda qalam tebratib yurgan insonlar suhbatni intiqlik bilan kuzatib turgan bir paytda uchrashuvning asl mohiyati o‘z qimmatini yo‘qotar ekan. Ikki xizmat ko‘rsatgan jurnalist o‘z faoliyatini ochiq va achchiq tahlil eta boshlaganda, ortiqcha gap-so‘z qo‘shishning ham imkoni bo‘lmas ekan.
- Jurnalist yozgan maqolasiga faqat aql emas, yurak bilan yondashishi kerak, aks holda hammasi bekor, men qayerga bormayin, sohani aql bilan tahlil qildim, maqolani esa yurak qo‘rim bilan yozdim. Maqolani bo‘lib yozish eng noto‘g‘ri ish, deb o‘ylayman. Har qanday maqola bir o‘tirishda yozilishi kerak.
Shunday, buning uchun esa jurnalist professional bo‘lishi lozim. Professional jurnalist borgan hududidagi yutuq va kamchiliklarni bir qaragandan biladi. Lekin bugun borgan joyiga bir qarab, faqat yuzadagi ko‘pikni ko‘rib kelayotgan jurnalistlar ham ko‘p-da. Go‘sht kombinati bilan bog‘lik shikoyat ishiga qanday yondashganingiz esingizdami?
- Adashmasam, bir kunda bir tonnaga yaqin o‘g‘irlik fosh bo‘lgandi o‘shanda. Go‘sht kombinatlaridan biridan shikoyat xati tushdi, bordim. Hisobotlarni qarab chiqarkanman, qo‘shib yozish mavjudligini tushundim. Direktorga bu haqda hech narsa demadim, xayrlashib, ketdim. Kechga tomon ichki ishlar xodimidan birini olib, kombinat eshigi yonida turdik. Tashkilotdan chiqayotgan har bir mashinani to‘xtatdik. Har birida uch-to‘rt kilo go‘sht bor edi. Oxirida avtobus chiqdi, uning o‘rindiqlarida odamlardan ko‘ra, xaltalarda go‘sht kilosi soni ko‘proq edi. Shu tariqa bu korxonadan bir kunda bir tonnadan ortiq go‘sht o‘g‘irlanayotganini aniqladik. Keyingi jarayon bilan ichki ishlar mutasaddilari shug‘ullanishdi.
- Siz rahbarlik qilgan davrda ham, undan oldin ham jurnalistlarga tazyiq doimo bo‘ldi. Lekin bu jarayonlarga, bir nechta jurnalistlarni sudga berishganida ham o‘zingiz turib berganingizni o‘sha paytlar ko‘pchilik tushunmagandi, ammo vaqt o‘tib, bu dovyuraklik salmog‘ini anglashdi, deb o‘ylayman.
- Bu dargohda jurnalistlarning asosiy suhbat mavzui o‘sha paytdagi jarayon, yozilayotgan maqolalar va ularning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lardi. Bitta tanqidiy maqola uchun kezi kelganda barchamizni «surishtirib» qolishardi. Yaqin qarindoshlarimiz, ularning ishiga soya solish bilan tahdidlarni aytmaysizmi. Jamoadagi birdamlik, halollik o‘z so‘zini aytardi shunday kezlarda.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar – Sulaymon Husainov hamda Farmon Toshevlarning gazeta faoliyati bilan bog‘liq bu dialogi samimiy uchrashuvdagi suhbatlardan bir parchagina, xolos.
Suhbatni tinglarkansiz, jurnalistika bugun tamoman o‘zgardi, masalaga yondashuvdan tortib, uni auditoriyaga uzatishda ham ilgarigidan farqli jihatlar juda ko‘p ekanligini anglaysiz. Bugun bu haqiqatni tan olmay ilojimiz yo‘q. Ammo jurnalistikaning tub mohiyati: odamlarga axborotni yetkazishda xolislik va adolatlilik prinsipi uning hech o‘zgarmas qonuniyatlaridan biridir. Sulaymon Husainov aynan mana shu prinsipga sodiq qoldi. Eh-he, faoliyati davomida unga qancha bosimlar bo‘ldi, tazyiqlar uyushtirildi. U hammasini halolligi bilan yengdi, bilim va tafakkuri g‘olib chiqdi mudom. Rostdan ham, qayerga bormasin, hisobotlardagi kamchiliklarni bir qarashda fahmlar, soha xodimlarining halol yo pokligini bir qarashda tushunib olardi. «Zarafshon» gazetasida ishlagan yillarida qishloq xo‘jaligi va iqtisod sohasini yoritgani uchun shu tizimni yaxshiroq o‘zlashtirish uchun alohida dars oldi, hatto shirkat xo‘jaligida ishladi, qishloq xo‘jaligini ich-ichiga kirib o‘rgandi. Bu o‘rganganlari yozganlarida manaman, deb ko‘zga tashlandi.
Uchrashuv asosiy mohiyatini yo‘qotdi, deganimda, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov va uyushma a’zolaridan iborat ixchamgina davra aslida Sulaymon Husainovning 75 yoshligi sabab to‘planishgandi. Davradagi suhbat cho‘g‘i esa uchrashuv qahramoniga maqtovlar yog‘ilish bilan emas, sohaning o‘tmishi, buguni haqidagi suhbatlar bilan qo‘r oldi, atrofdagilarga kuch berdi. Bugun bir-ikkita shov-shuvli maqolasi bilan tanilib, erta unutilayotgan vaziyatlar ko‘p uchrayotgan bugungi jamiyatda o‘tgan asrning 70-90-yillarida ijod etgan jurnalistning suhbatini jon qulog‘i bilan tinglash, u kishidan ibrat olishga intilish – aslida 75 yoshli jurnalistning baxti shunda emasmi? Kamtar, halol bu inson bugun ham Jomboy tumanining G‘azira qishlog‘ida istiqomat qiladi. Ehtimol, atrofdagilari haligacha bu qishloqda sohaning noyob gavhari yashayotganidan bexabar bo‘lishsa kerak.
Gulruh Mo‘minova.