Hojilarga yaratilgan shart-sharoit bo‘yicha O‘zbekiston birinchi beshtalikdan joy oldi
Saudiya Arabistoni Haj vazirligi tomonidan O‘zbekiston hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha Malayziya, Indoneziya, Turkiya singari birinchi beshtalik davlatlar safiga kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, “Haj-2019” Ishchi guruhi rahbari Jasur Akramov Makka shahrida hojilar bilan tashkil etilgan uchrashuvda ma’lum qilgan.
Bu yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari nisbatan erta boshlanib, yuqori tajribaga ega shirkatlar bilan shartnomalar tuzilgan. Eng zamonaviy mehmonxonalar ijaraga olingan. Bundan tashqari, 7200 nafar ziyoratchiga mavsum davomida namunali xizmat ko‘rsatish uchun 35 nafardan iborat ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz jalb etilgan.
Uchrashuvda keyingi paytda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritilib, masjid-madrasalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyozlar berilgani, Xalqaro islom akademiyasi ta’sis etilgani, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tuzilgani, Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Hadis, Kalom, Aqida, Fiqh va Tasavvuf ilmi maktablari tuzilgani alohida qayd etildi. Ayniqsa, haj qiluvchilar soni keskin oshirilib, umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkin ekani aytilgan.