Hokim Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan Mo‘minjon Abdullayevga 50 million so‘m tuhfa qildi
Bulung‘urlik yunon-rum kurashchisi Mo‘minjon Abdullayev 9 aprel kuni Olma-ota shahrida o‘tkazilgan Osiyo mintaqasi uchun litsenzion turnirda oltin medalni qo‘lga kiritib, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan edi. Samarqand shahridagi yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov bu natijasi uchun unga 50 million so‘m taqdim etuvchi sertifikat, ota-onasi va ustoziga tashakkurnoma topshirdi.
Shuningdek, taqdirlash tadbirida Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan ishtixonlik Nigina O‘ktamova hamda bronza medali sohibasi, bulung‘urlik Sitora Turdibekova ham e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Xususan, N.O‘ktamovaga avtomobil va uy-joy uchun boshlang‘ich to‘lov amalga oshirilgani ta’kidlandi, Sitora Turdibekovaga esa 25 million so‘mlik sertifikat topshirildi.
Viloyat hokimi qo‘lidan tashakkurnoma olgan chempionlarning ota-onalari bu natijaga erishishda ko‘maklashgan hokimlik vakillari va murabbiylarga minnatdorligini bildirdi.
Husan Eltoyev.