Hunarmandlar shifokorlar mehnatiga befarq emas

“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan pandemiya davrida viloyat sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislari mehnatini e’tirof etish va ularni taqdirlash maqsadida tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir davomida “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasiga a’zo hunarmandlar viloyat kardiologiya dispanseri, Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida aholiga beminnat xizmat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh shifokor, hamshira va sanitariya xizmati xodimlariga hunarmandchilik mahsulotlari tuhfa etdi.
- Salkam olti oydirki, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash, ularni sog‘lom hayotga qaytarish maqsadida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilmoqda, - deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – Birgina e’tibor, e’tirof, rag‘bat kishiga katta kuch, xursandchilik olib keladi. Tadbirni tashkil etishimizdan maqsad ham shu. Balki hunarmandlarimiz tomonidan 40 dan ziyod qo‘lda yasalgan kulolchilik mahsulotlari va tikuvchilik buyumlari katta sovg‘a sanalmas, biroq uyushmamiz a’zolarining ularga bo‘lgan mehri salomatligimiz posbonlariga quvonch ulashgani barchasidan ustun bo‘ldi.
- Ko‘p yildan buyon viloyat kardiologiya dispanserida hamshira bo‘lib ishlayman, - deydi Nargiza Norboyeva. – Ochig‘i, hunarmandlarimiz tomonidan qo‘lda tikilgan sumka va milliy ruh singdirilgan sharf menga juda yoqdi. Ayniqsa, qimmatli vaqtlarini ayamay, mehnatimizni e’tirof etganidan boshimiz osmonga yetdi.
“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.