Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Husayn Boyqaro “qo‘ng‘iroq” qildi"

Shu kunlarda har bir maktab, har bir ta’lim dargohida Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar, navoiyxonlik o‘tyapti. Shunday ma’naviy bilimlarga ega bo‘ladigan kunlarda bundan o‘n yillar avval aynan sana bilan bog‘liq tadbirda kuzatilgan qiziq bir voqeani yozishni ma’qul ko‘rdim.

Maktabga yangi ishga kirgan kezlarim edi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lganim uchun direktorimiz Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab g‘azalxonlik kechasi o‘tkazishni topshirdi.

O‘zim dars o‘tadigan yuqori sinf o‘quvchilariga Navoiy g‘azallaridan yod olishlarini, tadbir juda mazmunli o‘tishi kerakligini qayta-qayta tayinladim. O‘quvchilar bilan hamkorlikda sahna ko‘rinishi tayyorlay boshladik. Hazrat Navoiy roli ijrosiga esa jamoamiz a’zolari o‘zimni taklif etishdi. O‘quvchilarning zavq va ishtiyoq bilan ishga kirishganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim, beixtiyor ular safiga qo‘shildim.

Kayfiyatimiz o‘zgacha, tayyorgarlik jarayoni zo‘r ketyapti. Endigi vazifamiz qatnashchilarning rollariga mos liboslar tayyorlash edi. Buni ham qoyilmaqom qilib uddaladik. Kimdir bobosining yangi to‘nini, yana boshqa o‘quvchi ukasining sunnat to‘yida kiygan yaltiroq “to‘ybola” sallasini olib keldi. Maktabimiz xo‘jalik mudirining xonasida turgan, Qorboboning soqoli ham asqotib qoldi. Uni olib, qora qalam qirindisi bilan "mosh-guruch" qilib bo‘yadik, chevar qizlarimiz Qorboboning tarvaqaylagan uzun soqolini qaychilab, chiroyli qilib kuzab berishdi.

Bir hafta davomida darsdan keyin sahnada o‘qiladigan g‘azallarni yod aytib, harakatlarni "repititsiya" qildik.

Nihoyat, biz katta hayajon bilan kutgan kun keldi. Maktab faollar zaliga o‘qituvchi va o‘quvchilardan iborat tomoshabinlar jamul-jam bo‘lishgan.

Tadbir ajoyib boshlandi. Boshlovchilarimiz Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida ma’lumotlarni aytish bilan birga navbati bilan ishtirokchilarni sahnaga   chorlayapti. O‘quvchilar ruboiy va g‘azallarni maromiga yetkazib yod aytishmoqda.

Bizning navbatimiz kelgach, sahna o‘rtasiga mehnat darsi ustaxonasidan keltirilgan olti burchakli naqshinkor xontaxtani olib chiqdik.  Xontaxta atrofida joylashib     “ash’or majlisi”ni boshladik. Birimiz g‘azal o‘qiganda boshqalar huzur bilan bosh irg‘ab "Bale, Mavlono!", "Ofarin!" deb olqishlashadi.

Navbat bizga kelganda ustoz san’atkor Afzal Rafiqovning ovoziga o‘xshatishga harakat qilib, hazratning "Qaro ko‘zum" g‘azalini ifodali o‘qiy boshladim:

Qaro ko‘zum, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,

Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il...

Shu payt kutilmaganda ovozimni bosib, sahnaning ikki chekkasida turgan karnaylardan "Nokia" telefonining boshqa hech qanday kuy bilan adashtirishning imkoni bo‘lmagan chaqiruv musiqasi yangradi. 

Buni qarangki, sahnaga chiqish oldidan shoshilinchda telefonimni o‘chirmasdan ko‘krak cho‘ntagimga solib qo‘ygan ekanman. Qarasam hammaning ko‘zi menda, qanday qilib bo‘lmasin bu noqulay vaziyatdan chiqish kerak...

Shartta qo‘ynimdan telefonni olib, tomoshabinlarga qaragancha:

- Hirotdan do‘stim Husayn Boyqaro qo‘ng‘iroq qilmoqdadur. Ma’zur tutasizlar, olampanohni mahtal qilish odobdan bo‘lmas, - deya o‘rnimdan turdim. Oldingi qatorda o‘tirgan o‘qituvchilardan tortib zalni to‘ldirgan o‘quvchilargacha bir pas jim qolishdi. So‘ngra zalning bir chekkasidan piqillagan kulgi eshitildi. Unga boshqalar qo‘shilishdi. Xayolimdan "Sharmanda bo‘ldik!" degan fikr o‘tdi. Bir lahzada peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi.

Ammo, birozdan so‘ng zal kulgi tovushi va qarsaklar bilan almashdi. Men sekin sahna orti tomon yurdim...

Shundan beri hech qayerda"rol" o‘ynaganim yo‘q. Lekin, hamon Hazrat Navoiyning tavalludi kunlari yaqinlashsa, o‘sha voqeani eslab, kulib qo‘yaman.

Olim QO‘ChQOROV.