Ibratli voqea: Sirli dog‘lar

Bir yosh oila yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Ertalab uyqudan zo‘rg‘a uyg‘ongan xotin derazaga qaradi va qo‘shni ayol kir yoyayotganini ko‘rdi.

– Qarang, kiyimlardagi dog‘lar ketmapti, shunday bilinib turibdi, – dedi u eriga. Biroq eri bu gapga e’tibor bermadi, gazeta o‘qishda davom etdi.

– Menimcha, sovuni yomon bo‘lsa kerak yo u kir yuvishni bilmaydi. Tavba, bir xilgilarga kir yuvishniyam o‘rgatish kerak...

Eri indamayotganidan hafsalasi pir bo‘lgan ayol gapdan to‘xtadi. Lekin har safar qo‘shni ayol kir yoyayotganda ajablanishini bildirib qo‘yar, kiyimlarni qanday qilib toza yuvish haqida o‘z qarashlarini aytardi.

Ajoyib kunlarning birida u yana oynaga qaradi va birdan taajjubga tushdi:

– Iye, qo‘shnining kirlarini qarang! Top-toza-ku! U kir yuvishni o‘rganib olibdi, shekilli.

– Yo‘q, unday emas, – dedi bu gapga javoban eri. – Men erta sahar turib, oynalarni artib qo‘ydim. Hamma gap shunda.

Orif Tolib.