Ibratli hikoya: Velosiped
Chol eskirib, shalog‘i chiqib ketgan velosipedi o‘rnida yangisini ko‘rib shoshib qoldi.
- Kimdir adashib, menikini minib ketibdi-da, attang...
Masjidga undan boshqa velosipedda keladigan yo‘q edi. Atrofga alangladi. Ichkari, tashqariga ko‘z tashladi. Muyulishga o‘tib, nariga ko‘chaga ham mo‘raladi. O‘ziniki yo‘q edi. Masjid devoriga suyab kirib ketgandi.
U bir pas dovdirab turdi. O‘rindig‘i yumshoq, amortizatori zo‘r yangi velosipedga havas qilib, u yoq-bu yog‘ini siypalab ko‘rdiyu, darhol qo‘lini tortdi. Axir bu birovniki-ku.
U yana o‘z velosipedini topish ilinjida javdiradi. O‘g‘lidan qolgan uch yetimni boqib turgandiya, afsus. Yigirma yillik beminnat xizmatchisi edi.
Kampiri birov qishloqdan olib kelib tashlab ketadigan sutdan qatiq ivitadi. Bir parcha yeriga kashnich, rayhon, jambil sepib undiradi. Chol esa kampir qo‘liga tutqazganlarni velosipedni ruliga ilib, shaharliklarga sotib kelardi.
Ro‘zg‘or nima bo‘ladi endi?
Birov masjidga yangi velosipedda kelganu, keyin adashib unikini minib ketgan. Yarmi singan o‘rindiq qattiq botmadimikan? O‘tirsa sezardiku...
U yana yangi velosipedga ko‘z tashladi. Chiroyli ekan. Tekis yursa kerak.
Iye, dastasiga boylangan bo‘sh bankali xalta uniki-ku! Namozdan avval har doimgidek "dom" oralab sut, qatiq, barra ko‘kat sotgandi.
Ko‘zi bankalar orasiga solingan xatjildga tushib, shoshib ochdi. Ichida bir nechta dollar va xat bor ekan.
Chol xatni o‘qiy boshladi:
"Assalomu alaykum, ota. Sizni anchadan beri kuzataman. Har kuni saharda eski velosipedda sut, qatiq olib kelib sotasiz. Halol mehnat qilasiz. Shu yoshda ham g‘ayratlisiz. Hammaga o‘rnaksiz.
Sizni rahmatli otamga o‘xshatdim. Otamning ham eski velosipedi bo‘lib, shaharning u burchagidagi ishiga avtobusda emas, o‘zi o‘rganib qolgan ikki g‘ildirakli ulovida qatnardi. Afsus, unga hech narsa sovg‘a qilolmadim. Chunki juda erta, bolaligimdayoq qazo qilganlar...
Qutlug‘ oyda sizni ozgina bo‘lsa-da xursand qilgim keldi. Shu velosipedni maza qilib minib, dunyodan o‘tgan otamning haqiga duo qilib qo‘ying!..
Oybek ALIJON.