Xizmat ko‘rsatish sohasida Yevropa tajribasi

Uni O‘zbekistonda qo‘llash mumkinmi?

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida Rossiya Federatsiyasining Tambov davlat universiteti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, TDIU Samarqand filiali bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ko‘p yillardan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan bu galgi anjumanning mavzusi “Xizmat ko‘rsatish sohasini yashil va innovatsion iqtisodiyot tamoyillari asosida barqaror rivojlantirish yo‘nalishlari”ga bag‘ishlandi. 

Sohasini rivojlantirish jamiyat taraqqiyotida hamisha dolzarb bo‘lib kelgan, kelajakda ham mazkur masala dolzarbligicha qoladi. Shu bois, bu yo‘nalishni rivojlantirish hamkorlikda yangi loyihalarni apmalga oshirish, zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish lozim.

- Men bu konferensiyada “Yevropa va boltiqbo‘yi mamlakatlarida xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajriba va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari” mavzusidagi ma’ruzam bildan ishtirok etdim, - deydi SamISI xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Jonibek Mahmudov. – Ma’ruzamda xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Yevroittifoq miqyosidagi siyosiy harakatlar hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlari tajribasi tahlil qilingan. Xizmatlar sohasida barqarorlik faqat ekologik ta’sirni kamaytirish (energiya va suv tejamkorligi, chiqindilarni boshqarish) bilangina cheklanmasligi, balki institutsional mexanizmlar (me’yoriy tartibga solish, standartlar, hisobot), bozor rag‘batlari (yashil davlat xaridlari, eko-yorliqlash) va innovatsiyalar (raqamli platformalar, GovTech, ma’lumotlar moslashuvchanligi) orqali shakllanishi asoslab berildi.

Konferensiyada Rossiya, Ozarboyjon, Malayziya va boshqa davlatlardan olimlar masofadan qatnashib, o‘z fikrlarini bildirishdi.

- Texnologiyalar transferi (TT) tobora oliy ta’lim muassasalarida (OTM) strategik funksiyaga aylanib bormoqda, - deydi Malayziyaning Utara universiteti professori doktor Mohd Fayzal Umar. - Bu esa universitetlarga tadqiqot natijalarini iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik ta’sir ko‘rsatadigan innovatsiyalarga aylantirish imkonini bermoqda. Universitetlar milliy innovatsion ekotizimlarda katta rol o‘ynaganligi sababli samarali TT amaliyotlari tijoratlashtirish yo‘llarini mustahkamlash, sanoat hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-tadqiqot natijalarining qiymatini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Biroq uning muhimligiga qaramay, ko‘plab OTMlar ixtironi oshkor qilish, texnologiyaga tayyorlik darajasini aniqlash, intellektual mulkni baholash va himoya qilish, innovatsiyalarni targ‘ib qilish, litsenziyalash va shartnomani monitoring qilish bosqichlarida TT jarayonlarini boshqarishda doimiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Tahlil ko‘plab sohalarda qaror qabul qilishni o‘zgartirgan bo‘lsa-da, uning TT boshqaruviga integratsiyasi cheklanganligicha qolmoqda. Hozirgi TT operatsiyalari ko‘pincha sub’yektiv ekspert xulosalariga, qo‘lda bajariladigan jarayonlarga va bo‘lingan ma’lumotlar manbalariga tayanadi. Bu esa operatsion samaradorlikni pasaytiradi va tijoratlashtirish bo‘yicha o‘z vaqtida, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishga to‘sqinlik qiladi. Tizimli tahliliy yondashuvlarning yo‘qligi TT ofislariga bozor tendensiyalarini aniqlash, patent tahlilini o‘tkazish, spin-out yaratish uchun potensial tadqiqotchilarni profillash va boshqa turli xil strategik faoliyatlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini bermaydi. Shu bois, tadqiqotlarni  tijoratlashtirish natijalarini mustahkamlash va akademik muassasalarda texnologiyalar transferining umumiy samaradorligini oshiradigan ma’lumotlarga asoslangan amaliyotlarni ishlab chiqishni rag‘batlantirishga e’tibor qaratiladi.

Anjuman davomida soha rivojiga hissa qo‘shadigan qator takliflar bildirildi, ishtirokchilar shu’balarga bo‘lingan holda mahorat darslari o‘tishdilar.

O‘.XUDOYBERDIYeV.