Samarqand muzeylarida tosh davriga oid 7,5 mingdan ziyod ashyo saqlanadi

«Samarqand» davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologik ashyolarining umumiy soni 65 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ushbu ashyolar O‘zbekiston tarixining deyarli barcha davrlarini qamrab olgan bo‘lib, muzey-qo‘riqxona tarkibidagi eng katta va eng qadimiy muzey O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi arxeologik kolleksiyasi hisoblanadi.

Unda 48 mingdan ortiq arxeologik ashyolar saqlanadi. Muzey-qo‘riqxona tarkibidagi ikkinchi yirik arxeologik kolleksiya viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga tegishli bo‘lib, bu yerda Samarqand va unga tutash hududlar tarixini aks ettiruvchi 13 mingdan ortiq arxeologik ashyo jamlangan. Samarqandning qadimgi o‘rni — Afrosiyob shaharchasidan topilgan 2 mingdan ortiq arxeologik ashyo Samarqand shahar tarixi — Afrosiyob muzeyida saqlanadi va namoyish etiladi. Shuningdek, muzey-qo‘riqxona tarkibiga kiruvchi Kattaqo‘rg‘on shahar tarixi muzeyida 391 dona, Ishtixon tumani tarixi muzeyida 123 dona, Paxtachi tumani tarixi muzeyida esa 2218 dona arxeologik ashyolar saqlanib, ekspozitsiyalarda namoyish etilmoqda.

Arxeologik topilmalarning muayyan qismini tosh davriga oid ashyolar tashkil etadi. Ushbu davrga mansub ashyolar asosan O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi hamda viloyat o‘lkashunoslik muzeyida jamlangan. Xususan, O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida miloddan avvalgi 100–40 ming yilliklarga oid 50 dan ortiq arxeologik ashyolar saqlanib, ular Narpay tumani hududida joylashgan Ziraquloq va Qo‘tirbuloq manzilgohlari, shuningdek, Toshkent viloyatidagi Obirahmat manzilgohidan topilgan bo‘lib, mazkur topilmalar taxminan 60 ming yillar avvalgi davrga tegishlidir. Viloyat o‘lkashunoslik muzeyida esa Samarqand arxeologiya instituti olimlari N.Tashkenbayev va B.Sayfullayevlar tomonidan muzeyga topshirilgan 160 ga yaqin o‘rta paleolit davriga oid ashyolar saqlanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida yuqori paleolit davriga, ya’ni miloddan avvalgi 40–12 ming yilliklarga oid 140 dan ortiq arxeologik ashyolar mavjud bo‘lib, ular Samarqand shahar yuqori paleolit manzilgohidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Turkmaniston hududlaridan yig‘ilgan. Bu davrga oid 60 ga yaqin arxeologik ashyolar viloyat o‘lkashunoslik muzeyida ham saqlanib, ular Samarqand yuqori paleolit manzilgohidan Samarqand davlat universiteti olimlari D.Lev va M.Jo‘raqulovlar tomonidan topib o‘rganilgan. O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida neolit davriga, ya’ni miloddan avvalgi 6–4 ming yilliklarga oid arxeologik ashyolar soni nisbatan ko‘p bo‘lib, ularning umumiy miqdori 7 mingdan oshadi. Mazkur ashyolar Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Navoiy viloyatlari hamda Tojikiston hududlaridan aniqlangan.

Viloyat o‘lkashunoslik muzeyida saqlanayotgan neolit davriga oid arxeologik ashyolar soni esa 300 ga yaqin bo‘lib, ular Samarqand davlat universiteti olimi N.Xolmatov tomonidan Nurobod tumanining Sazag‘on yodgorligidan topib o‘rganilgan va muzeyga topshirilgan. Umuman, bugungi kunda Samarqand muzeylarida saqlanayotgan tosh davriga oid arxeologik ashyolarning umumiy soni 7 ming 500 dan ortiqni tashkil etadi.

Gulchiroy MARDIYeVA.