Ibratli voqea: Ot yig‘lagan kun

Bu gapni dastlab eshitganimda ishonmagandim, biroq Mirzaabdulla aka bilan uchrashgach, u kishining hikoyasidan ta’sirlandim.

– Ha, otning yig‘lagani rost, – dedi u. – Dadamga o‘n bir yil hamroh bo‘lgan o‘sha jonivor zulukday qop-qora edi. Dalada tizginini bo‘yniga tashlab qo‘yardilar, bir qadam nari ketmay yonlarida yurar, to‘xtasalar, ko‘zlariga termulgancha qotib turaverardi...

O‘sha kuni bomdodga yaqin otam dunyodan o‘tdilar-u, ot bezovtalana boshladi, zorli kishnashlariga, tinimsiz dupur-dupuriga toqat qilib bo‘lmasdi. Murodilla akamning gaplari bilan chilvirdan bo‘shatib, darvozaxonaga olib chiqdim, ammo bog‘lagim kelmadi. Jonivor o‘sha yerda yarim kun boshini ko‘tarmay turdi, hech narsa yemadiyam. Janoza o‘qilib, tobut ko‘tarilganda old oyoqlari bilan cho‘kkalab oldi. Badani titrab, ikkala ko‘zidan sharros yosh quyilardi. Tog‘am, akam – hammamiz «dod» deb yubordik. Izdihom yelkasidagi tobut otning oldiga qo‘yildi...

Ovozi titray boshlagan Mirzaabdulla aka bir yutinib olib, davom etdi:

– Hozir sizga aytib berishga so‘z topolmayman, uka. Ot jonivor kishnamasdi, xuddi insonday o‘krab-o‘krab yig‘lardi. Qabristonga ham tobutning yonginasida odamlarday odim tashlab bordi, tuyoqlaridan «tiq» etgan tovush chiqargani yo‘q. Tuproq tortilib bo‘lingach ham, cho‘kkalab olgan ot boshini ko‘tarmay turaverdi.

Menga chopon topilmay, otamning bir-ikki bor kiyilgan to‘nlarini berishgandi. Ho‘ngragancha otning bo‘ynidan quchoqladim. U tanish hidni olib, o‘rnidan turdi.

Motamsaro otning o‘sha kungi holini o‘ngimda ko‘rganimga ba’zan o‘zim ham ishonmay qolaman. Lekin bu voqeaga butun qishloq, ta’ziyaga kelganlarning bari guvoh bo‘lgandi.

Rustamjon Ummatov.