Institut Yaponiyaning JICA tashkiloti bilan yangi loyiha bo‘yicha hamkorlikni boshladi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga Yaponiyaning Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar institut faoliyati, ta’lim jarayonlari hamda talabalarning ilmiy-innovatsion ishlanmalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar taqdim etilib, ularning amaliy ahamiyati va istiqbollari muhokama qilindi.
- Bugungi hamkorlik nafaqat institutimiz, balki talabalarning kelajagi uchun ham muhim qadamdir, - dedi institut rektori, professor Shavkat Hasanov. - JICA bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yoshlarga o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etish imkonini beradi.
Suhbat chog‘ida tomonlar JICAning POVOP (Promoting One Village One Product) dasturi doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Mazkur loyiha dastlab Kattaqo‘rg‘on tumanida va institut bazasida pilot loyiha sifatida amalga oshirilishi belgilandi. Loyiha doirasida talabalar startaplarini moliyalashtirish, ularni ommalashtirish va amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tashrif so‘ngida tomonlar istiqboldagi hamkorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni kengaytirish borasida o‘zaro kelishuvga erishdi.